Andijon davlat tibbiyot institutiga Germaniyaning O‘zbekistondagi muxtor elchisi tashrif buyurdi.

188 Yangiliklar

        Joriy yilning  25-aprel kuni  Andijon davlat tibbiyot institutiga Germaniyaning O‘zbekistondagi muxtor elchisi Gyunter Overfeld  hamda O‘zbekistondagi “SES”  ekspertlar kompaniyasining vakili Karina Ayvazova va elchixona xodimlari tashrif buyurdilar. Yuksak martabali mehmonlarni ADTI rektori M.Madazimov, prorektorlar, professor–o‘qituvchilar va talabalar yuqori kayfiyatda kutib oldilar.
 
        Delegatsiya a’zolari dastlab institut xalqaro aloqalar bo‘limida bo‘lishib, o‘zaro muzokaralar olib bordilar. Unda institut rektori M.Madazimov va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i K.Salohiddinovlar  ta’lim va ilmiy jarayon, klinik sohadagi hamkorliklar to‘g‘risida suhbatlar olib bordilar. Suhbat chog‘ida talabalar mobilligi, magistrlar, klinik ordinatorlar, professor-o‘qituvchilar tarkibining almashinuvi, o‘qituvchilar va shifokorlar malakasini  oshirish, ma’ruzalar, trening va mahorat darslari o‘tkazish, hamkorlikda  grant loyihalarida ishtirok etish, uslubiy almashinuv, axborot telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, masofaviy ta’lim va yozgi til maktablarini tashkil etish masalalariga to‘xtaldilar. Shuningdek, hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, vrachlar malakasini oshirish, konferensiya va kongress, ilmiy to‘plamlar tashkil etish, onlayn teleko‘priklar, telemeditsinani yo‘lga qo‘yish, tibbiyot mutaxassislarining almashinuvi, tashxislash va davolashning zamonaviy usullari hamda madaniy almashinuvlar to‘g‘risida ham o‘z fikr – mulohazalarini bildirdilar.
       So‘ngra mehmonlar institut rektorati, o‘quv laboratoriya xonalarini ko‘zdan kechirib, yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv-uslubiy ishlar, tibbiyot  amaliyotidagi yangiliklar bilan tanishdilar.
    Institut ilmiy kengashlar zalida delegatsiya a’zolarining professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida ilmiy muloqot bo‘lib, unda professor-o‘qituvchilar hamda talabalar chet tillarini o‘rganib, Germaniya davlatidagi  nufuzli oliygoh, tibbiyot markazlari va klinikalarda ta’lim olish, malaka oshirish, tajriba almashish  yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Muloqot institut ilmiy izlanuvchilari uchun g‘oyat foydali  va  ayni muddao bo‘ldi.


Maqolaga ovoz bering:  

Do'stlaringizga ulashing: