Oliy ta’lim tizimi takomillashmoqda

Bosma uchun
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida «Oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash sohasidagi islohotlar» mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotning, ijtimoiy hayotning real talablaridan kelib chiqqan holda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, o‘qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ixtisoslik yo‘nalishlarini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy o‘quv va moddiy-texnik baza yaratilgan. O‘quv jarayoni zamonaviy texnik vositalar, axborot-kommunikatsiya tizimlari va dasturiy mahsulotlar bilan ta’minlangan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham mazkur islohotlarni izchil davom ettirishga doir aniq va ustuvor vazifalar belgilangan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish va unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va uni jahon standartlari darajasida rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida fikr yuritildi.

Qarorda har bir oliy ta’lim muassasasi xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo‘lga qo‘yishi, o‘quv jarayonida xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni qo‘llash, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish belgilangan.

Pedagog kadrlarning kasb malakasi va mahoratini sifat jihatdan muntazam oshirib borish, pedagog va ilmiy xodimlarning stajirovkadan o‘tishini yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini PhD dasturi va xorijiy magistratura dasturlari asosida o‘qitish nazarda tutilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan bilan integratsiyasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish masalalariga ham katta e’tibor qaratiladi.

– Oliy ta’lim tizimida yangi ixtisoslik yo‘nalishlari va mutaxassisliklar joriy etilishi mamlakatimiz yoshlarining ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘ladi, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori Abdurahim Mannonov. – Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, institutimizda 2018-2020-yillarda xalqaro iqtisodiyot va iqtisodiy munosabatlar, xalqaro turizm hamda xalqaro jurnalistika kabi yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish rejalashtirilmoqda. Bu borada barcha tashkiliy va huquqiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Leave a Reply