PREZIDENTIMIZ NUTQI O‘RGANILMOQDA

224 Yangiliklar

        Joriy yilning 18-20- sentabr kunlari  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Amerika Qo‘shma SНtatlarida bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok  etdi va  nutq so‘zladi.

2017-yil 27-sentabr kuni  Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida  mazkur nutqning mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni institut ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha prorektori Pattoxon Asxanov ochib, ko‘zlangan maqsadlar haqida gapirdi. Shundan so‘ng,  ma’naviyat-ma’rifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Abdurahmon Abduhalimov  Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning  mazkur nutqi bo‘yicha taqdimot ma’ruza qildi.

Ma’ruzachi Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib so‘zlagan nutqida bugungi kunda O‘zbekistonda  siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar, so‘nggi besh yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi haqida gapirganligini aytib o’tdi. Shuningdek, nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda kechayotgan siyosiy jarayon, jumladan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, Orol fojiasi, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, terrorizm tahdidlari kabi qator  masalalarga to‘xtalganligi, sayyoramizning ertangi kuni, el-yurtning farovonligi, farzandlarimizning qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liqligini aytib, “ Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir”-deya ta’kidlaganligini aytdi. BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish takliflarini  bildirganlbigi  e’tirof etildi.

Ma’ruza so‘ngida davlatimiz rahbarinihg mamlakatimizdagi islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashdan iboratligini alohida ta’kidlagani, bu yo‘lda barchani  tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida  hamkorlikka chaqirganligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etgan barcha fakultet ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, guruh murabbiylari  kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan   vazifalarni belgilab  oldilar.


Maqolaga ovoz bering:  

Do'stlaringizga ulashing: