alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

18 YOSHDАN KАTTА BOʼLGАN BIR QАNCHА АHOLI QАTLАMLАRI KORONАVIRUS INFEKSIYASIGА QАRSHI OMMАVIY EMLАNISHI SHАRT

07:28 19.07.2021

18 YOSHDАN KАTTА BOʼLGАN BIR QАNCHА АHOLI QАTLАMLАRI KORONАVIRUS INFEKSIYASIGА QАRSHI OMMАVIY EMLАNISHI SHАRT

Respublika maxsus komissiyasining yurtimizda koronavirus infektsiyasi bilan bogʼliq epidemiologik vaziyat barqarorligini taʼminlashda koʼrilayotgan choralarni muvofiqlashtirish masalalari boʼyicha kengaytirilgan yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

Unda mamlakatimizdagi epidemiologik holat hududlar kesimida tahlil qilindi. Kasallikning keng tarqalishini oldini olish maqsadida fuqarolarni karantin qoidalariga rioya qilish borasidagi masʼuliyatini oshirish boʼyicha vazifalar belgilandi.

Yigʼilishda aytilganidek, Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi toʼlqinlarini oldini olish ommaviy vaktsinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Shu munosabat bilan soʼnggi vaqtda dunyo miqyosida koronavirusga qarshi majburiy vaktsinatsiya amaliyoti keng joriy etilmoqda.

Yurtimiz qonunchiligida ham “Аholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʼgʼrisida”gi qonunga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi atrofdagilar uchun xavf tugʼdiruvchi yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʼlishi hamda tarqalishi xavfi boʼlgan taqdirda tegishli sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi tadbirlar oʼtkazish toʼgʼrisida qarorlar chiqarish vakolatiga egaligi koʼzda tutilgan.

Ushbu qonunning 30-moddasida sanitariya-gigiena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar majmuiga profilaktik emlashlar oʼtkazish ham kiritilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʼi Bahodir Yusupalievning “Oʼzbekiston Respublikasi aholisi oʼrtasida koronavirus infektsiyasining tarqalib ketishini oldini olish boʼyicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish toʼgʼrisida” qarori qabul qilindi.

Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2015 yil 15 martda tasdiqlangan 0239-07-sonli “Yuqumli kasalliklar immunoprofilaktikasi” sanitariya qoidalari va normalaridagi epidemiologik koʼrsatma asosida emlash jadvaliga koronavirus infektsiyasiga qarshi emlash tartibi yuzasidan qoʼshimcha kiritildi.

Unga asosan:

2021-yil 1-sentyabrgacha 18 yoshdan katta boʼlgan quyidagi toifa yoki guruhdagi aholi qatlami koronavirus infektsiyasiga qarshi 1-doza vaktsinalari;

1-oktyabrgacha 2-doza vaktsinalari;

1-noyabrgacha 3-doza vaktsinalari bilan ommaviy emlanishi (salomatligi boʼyicha qarshi koʼrsatma boʼlgan hollar bundan mustasno) shartligi belgilandi.

Ular quyidagilar:

▶️ aholi bilan muloqotga kiruvchi barcha turdagi xizmat koʼrsatish obʼektlarining (davlat xizmatlari markazlari, pochta boʼlinmalari, banklar, lizing tashkilotlari, notariuslar, sugʼurta kompaniyalari, goʼzallik salonlari, sartaroshxonalar va boshqalarning) xodimlari;

▶️ barcha turdagi savdo obʼektlarining (oziq-ovqat, xoʼjalik mollari, kiyim-kechak doʼkonlarining, dorixonalarning va boshqalarning) xodimlari;

▶️ sport maktablarining hamda sport inshootlarining xodimlari;

▶️ madaniy hamda koʼngilochar obʼektlarning va dam olish maskanlarining xodimlari;

▶️ mehmonxonalarning, uy mehmonxonalarining, xostellarning, otellarning, yotoqxonalarning va kempinglarning ishchi-xodimlari;

▶️ yoʼlovchi tashish bilan shugʼullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarning xodimlari;

▶️ davlat va nodavlat taʼlim muassasalarining xodimlari;

▶️ harbiy xizmatchilar;

▶️ umumiy ovqatlanish korxonalarining, xususan, jamoat joylarida joylashgan tezkor ovqatlanish shoxobchalarining, choyxonalar, toʼyxonalar, kafelar va restoranlarning xodimlari, shu jumladan, mahsulotlarni yetkazib berish bilan shugʼullanuvchilar;

▶️ barcha turdagi davlat va nodavlat tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy obʼektlarning xodimlari;

▶️ kommunal xizmat sohasi xodimlari;

▶️ aloqa va telekommunikatsiya obʼektlarining xodimlari;

▶️ davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xodimlari;

▶️ huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xodimlari.

Sogʼliqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.