Respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar soni 800 ming nafardan oshdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov xabar bermoqda.
Joriy yilning 13-iyul holati bo’yicha quyidagi oliy ta’lim muassasalari, ta’lim yo‘nalishlari va hududlarga abituriyentlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Abituriyentlarning eng ko‘p ro‘yxati qayd etilgan (tanlov) oliy ta’lim muassasalari 3 taligi:
1) Andijon tibbiyot instituti bir o‘ringa 18.69 nafar abituriyent;
2) O‘zbekiston milliy universiteti Jizzax filiali bir o‘ringa 18.57 nafar abituriyent;
3) Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali bir o‘ringa 15.11 nafar abituriyent.
Abituriyentlarning eng ko‘p ro‘yxati qayd etilgan ta’lim yo‘nalishlari 3 taligi:
1) “Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish” – 62 023 nafar abituriyent;
2) “Maktabgacha ta’lim” – 60 368 nafar abituriyent;
3) “Jismoniy madaniyat” – 33 942 nafar abituriyent;
Abituriyentlarning eng ko‘p ro‘yxati qayd etilgan hududlar 3 taligi:
1) Qashqadaryo viloyati – 91 476 nafar abituriyent;
2) Samarqand viloyati – 88 496 nafar abituriyent;
3) Farg‘ona viloyati – 75 956 nafar abituriyent.
Joriy o‘quv yilida test sinovlarini o‘tkazish uchun Toshkent shahri va mamlakat hududlari markazlarida 69 ta yuqori sig‘imli binolar tanlab olindi.
Tanlab olingan 69 ta binolarda bugungi kunda mahalliy davlat hokimiyati organlari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Davlat test markazi mutaxassislari tomonidan test sinovlarini shaffof va xolis, keng jamoatchilik va ota-onalarga onlayn kuzatish imkonini beradigan sharoitlarni yaratgan holda o‘tkazilishi uchun tashkiliy ishlar olib borilmoqda, deyiladi bosh vazir o‘rinbosari xabarida.
Manba kun.uz sayti