ADTIning sobiq talabasi dunyo tan olgan kardioxirurg

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Bugun O‘zbekiston dunyo sahnida. Elimizning farzandlari o‘z bilimi, ilmiy salohiyati bilan dunyo e’tirofida. Andijon farzandi – Amerika Qo‘shma Shtatlarining Karomant Kardiologik gospitali tibbiy direktori Alisher Nuritdinovich Akbarov o‘zbekning ana shunday farzandlaridan. Ayni paytda dunyo tibbiyotchilari tomonidan yurak jarrohligi bo‘yicha mahoratli shifokorlardan biri sifatida e’tirof etilayotgan Alisher Akbarov yurak jarrohligi bo‘yicha xorijiy tajribalarni ommalashtirish, andijonlik kardioxirurglar bilan o‘zaro tajriba almashish, shu yo‘nalishda taxsil olayotgan talabalar, magistrlarga mahorat darslarini o‘tkazish maqsadida o‘zi taxsil olgan oliy ta’lim muassasasi – Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.

Amerikalik mehmonni Madaminjon Madazimov rahbarligidagi institut jamoasi o‘zbekona an’analar asosida samimiy kutib oldilar. ADTI sobiq talabalarining diydorlashuvidagi ilk suhbat o‘z-o‘zidan institut tarixi, faxriy ustozlarni yodga olish, talabalik yillaridagi o‘quv jarayonlari xususida bo‘ldi. Tajribali kardioxirurg A.Akbarov institut hayoti bilan yaqindan tanishdi. Dastlab, 12 yo‘nalish bo‘yicha to‘la jihozlangan Simuliyatsion o‘quv markazida olib borilayotgan mashg‘ulotlarda ishtirok etib, professor-o‘qituvchilar, talabalar bilan o‘zaro fikr almashdi. Institutning masofaviy ta’lim tizimi, turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rnatilgan xalqaro aloqalarni qiziqish bilan o‘rgandi va o‘z takliflarini bildirdi.

Amerikalik mutaxassis tashrifi davomida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Karomant Kardiologik gospitali faoliyati, dunyo kardioxirurglari oldida turgan vazifalar yuzasida institutning kardiolog-jarrohlari, shu yo‘nalishda ta’lim olayotgan talaba va magistlarga ma’ruza qildi. Dunyo tan olgan yurak jarrohining Andijon, mamlakatimiz tibbiyotchilarining erishayotgan yutuqlari xususidagi fikr-mulohazalari ADTI jamoasi tomonidan qiziqish bilan kutib olindi va ularni yangi-yangi yutuqlar, g‘alabalarga undadi.

AQSh Karomant Kardiologik gospitali tibbiy direktori A.N.Akbarovning mamlakatimizdagi tashrifi davom etmoqda.

 

Odiljon Karimov,

ADTI matbuot kotibi.

261