alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbirda

13:13 30.01.2020

Bugun, 30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 82 yilligini keng nishonlanmoqda. Respublikamiz mustaqilligiga asos solib, 25 yil  mobaynida  mamlakatni boshqargan buyuk davlat arbobi, odil siyosatchi, xalqparvar inson, yurt otasining  yodi hamisha qalbimizda.

Bugun O‘zbekistonning barcha hududlarida – shahar va tumanlarda, mahallalarda, turli davlat tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida  xalqimiz  o‘zining Birinchi Yurtboshisini  xotirlamoqda. Andijon davlat tibbiyot instituti rektori  Madaminjon Madazimov rahbarligidagi bir guruh professor-o‘qituvchilar va talabalar Islom Karimov nomidagi Asaka avtomobil zavodiga tashrif buyurdilar.

ADTI jamoasi tadbir ishtirokchilari bilan birga Birinchi Prezidentimizning haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydilar va millat otasining xotirasiga yuksak hurmat bajo keltirdilar.

Xotira tadbirida so‘z olgan zavod bosh direktori o‘rinbosari O‘zbekiston Qahramoni Hasanboy Qosimov mamlakatimiz mustaqilligi osonlikcha qo‘lga kiritilmaganligi, Birinchi Prezidentimimiz tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lidagi xizmatlari,  zavodning ochilishiga qo‘shgan xissasi haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.


Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi Nozima Abdumo‘minova Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi, Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov haykallari qad rostlaganligi, u kishi uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasi, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy ko‘chalarga buyuk Yo‘lboshchimiz nomi berilganligini ta’kidlab o‘tdi.


Tadbirda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning mustaqil yurtimiz taraqqiyoti, ravnaqi,  gullab-yashnashi, xalqning tinch va farovon hayoti yo‘lida olib borgan ezgu ishlarini yodga oldilar.

Ulug‘bek Karimov

ADTI Davolash fakulteti yoshlar

bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari