Andijon davlat tibbiyot institutida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11- iyuldagi “Oliy va o’rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ- 4391-sonli qaroriga asosan Webometrics xalqaro reyting agentligi talablariga muvofiq institut veb-saytini takomillashtirish bo’yicha bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Institut Kengashlar zalida mazkur masalaga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi.
Yig’ilishda institut rektori M.M.Madazimov respublika va xalqaro OTMlar o’rtasida institut reytingini ko’tarish, rasmiy veb-saytini xalqaro “Webometrics” reyting agentligi talablari asosida takomillashtirish bo’yicha berilgan yo’riqnomaga muvofiq institutda rejalashtirilgan ishlarni yanada yaxshilash zarurligini alohida ta’kidlab o’tdi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor G’.M.Xodjimatov o’z ma’ruzasida “Google Scholar” (Xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalarida e’lon qilingan maqolalar qidiruv tizimi), “ORSID” xalqaro ilmiy mualliflarni identifikatsiya qilish tizimidan institut professor-o’qituvchilari ro’yxatdan o’tishi, so’nggi besh yillik davrda nashr qilgan, yuqori iqtiboslik ko’rsatkichiga ega bo’lgan ilmiy maqolalari “Webometrics” xalqaro reytingi agentligi baholash mezonlarida ko’rsatilgan ma’lumotlarni institut veb-saytiga joylab borish to’g’risida ma’lumot berdi.
Yig’ilish ishtirokchilari bugungi kunda dunyo nigohida bo’lgan O’zbekiston, jumladan, institutning xalqaro miqyosdagi mavqeyini yanada oshirish borasidagi boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.
ADTI ilmiy ishlar bo’limi