Andijon davlat tibbiyot institutida “Talabalikka bag‘ishlov” tantanasi o‘tkazildi

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Andijon davlat tibbiyot institutiga qadam qo‘ygan talabalar talabalik qasamyodini qabul qiladilar. Institutda mana shu marosim munosabati bilan  “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri o‘tkazildi.

“Talabalikka bag‘ishlov” tantanasini institut rektori, professor Madaminjon Madazimov ochib berdi. Rektor o‘z so‘zida institut tarixi,  bu maskanda taxsil olgan va hozirgi kunda respublikamiz, qolaversa, dunyoning nufuzli tibbiyot muassasalarida mehnat qilayotgan sobiq talabalar, institutda amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash, yangi o‘quv jihozlari bilan ta’minlash ishlari xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, shifokorlik kasbini tanlagan yoshlar o‘z kasbiga mehr qo‘yishi zarurligini ta’kidlab,  ularga o‘quv va amaliy mashg‘ulotlarda ulkan yutuqlar yor bo‘lishini tiladi. Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari  ijrosida davlatimiz madhiyasi yangradi.

Talabalarni tabriklash uchun so‘z instituning faxriy ustozlaridan biri, dotsent Jo‘raxon Saidxo‘jayevaga berildi. Jo‘raxon opa bugungi kun talabalariga havas qilishini aytib, institutning Simuliyatsion o‘quv markazi, o‘quv va ma’ruzalar zallari, Axborot-resurs markazida yaratilgan shart-sharoitlarga javoban talabalar faqat va faqat ta’lim olishlari, tinimsiz o‘rganib borishlari zarurligini ta’kidladi.

Ustozning tabrigidan so‘ng, davolash fakultetining 6-kurs talabalari – Ibn Sino davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan Azizbek Olimov va Islom Karimov  Davlat stipendiyasi sohibasi Nodirabegim Ro‘zimatovalar 1-kurs talabalariga ramziy “Bilimlar kaliti” va “Reyting daftarchasi”ni tantanali ravishda topshirdilar.

Institut talabalari qatoriga qo‘shilgan yoshlar “Andijon davlat tibbiyot instittuti talabasi qasamyodi”ni qabul qildilar. Qasamyod qabul qilish jarayoni tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar, ota-onalarni to‘lqinlantirib yubordi, ko‘zlarga quvonch yoshlari to‘ldi.

Tadbirda 1-kurs talabalarining ota-onalari ham so‘zga chiqib, farzandlari shunday nufuzli oliy ta’lim dargohida taxsil olishidan cheksiz mamnun ekanligini izhor etishdi va yaratilgan shart-sharoitlar uchun institut  rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.

Bayram tadbirining badiiy qismi institut yigitlarining sho‘x “Andijon polkasi” raqsi bilan boshlandi. Bugun tibbiyot instituti yigitlarining “Andijon polkasi” nafaqat viloyat tadbirlarini, balki respublika miqyosidagi tadbirlarda davrani “qizdirmoqda”. Institut “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasining talabalikda, shifoxonalarda uchrovchi kulguli holatlarni ko‘rsatib bergan chiqishlari  ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

“Talabalikka bag‘ishlov” tantanasida  tibbiyot institutiga yuqori ball asosida  o‘qishga qabul qilingan talabalar so‘zga chiqdilar va talabalik baxtiga muyassar bo‘lganliklari uchun ta’lim-tarbiya bergan ustozlariga, ota-onalariga minnatdorchilik bildirishdi, kelajakda xalqimiz ishonchini oqlay oladigan yetuk mutaxassislar bo‘lib kamol topishga va’da berdilar.

“Talabalikka bag‘ishlov” tantanali tadbiri unutilmas va taassurotlarga boy bo‘ldi.

Odiljon Karimov,

ADTI matbuot kotibi

292