alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot institutida “Yoshlar festivali”

16:42 20.09.2019

Yoshlar jam bo‘lgan davralar hamisha kuy-qo‘shiq, sho‘x raqs, dilbar qo‘shiqlarga to‘liq. Yoshlarimizning gulgun chehralari dillarimizga quvonch baxsh etadi. Andijon davlat tibbiyot instituti talabalar turar joyi hududida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus doirasida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida o‘tkazilgan “Yoshlar festivali” ham yoshlarimizning shodon kulgusiga to‘liq bo‘ldi. Karnay-surnay sadolari barchani bayramga – “Yoshlar festivali”ga chorladi.

ADTI jamoasi tomonidan tashkil etilgan “Yoshlar festivali”da viloyat hokimligi, jamoat tashkilotlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etishdi.

“Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida o‘tkazilgan “Yoshlar festivali”ni institut rektori Madaminjon Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. M.Madazimov o‘z so‘zida  mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning mazmun-mohiyati, institut jamoasining bu borada amalga oshirish bo‘yicha yangi 2019-2020 o‘quv yili uchun mo‘ljallangan o‘quv dasturlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, alohida chora-tadbirlar xususida to‘htalib o‘tdi. “Shifokor tibbiyot sirlarini bilishi bilan birga adabiyot, san’at sirlaridan ham ogoh bo‘lishi, jismoniy chiniqqan holda o‘z bemoriga ibrat bo‘la olishi kerak”, – deya ta’kidladi M.Madazimov.
 

Festivalda so‘z olgan viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Azizbek Mirkomilov tibbiyot instituti talabalarining ilm-fan yo‘nalishlaridagi yutuqlari bilan birga ijodiy yutuqlari ham yurtdoshlarimizni quvontirayotganligini e’tirof etib o‘tdi.

Festivalning ochilish marosimidan so‘ng institut fakultetlari o‘rtasida 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha – adabiyot, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitobxonlik, shuningdek kasb-hunarlarni qay darajada o‘rganishayotganligi bo‘yicha bahslar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi.

Institut yosh olimlari va talabalarining ilmiy innovatsion ishlanmalari bo‘yicha tayyorlagan ko‘rgazmalari, o‘zlari tanlagan kasb yo‘nalishlari bo‘yicha olgan ko‘nikmalari bo‘yicha chiqishlari festival ishtirokchilari tomonidan qiziqish bilan o‘rganildi.

Milliy va zamonaviy liboslar ko‘rgazmasida talaba qizlarimiz yaxshigina chevar ekanligini bilib olgan bo‘lsak, “Mohir pazanda” ko‘rik- tanlovida ular tayyorlagan mazali taomlar barchaga manzur bo‘ldi.
 


Alohida e’tirof etish kerakki, institut Axborot-resurs markazi tomonidan tayyorlangan “Kitoblar ko‘rgazmasi” barcha festival ishtirokchilarini o‘ziga jalb etdi. Kitobsevar talabalar tomonidan Abdulla Qodiriy asarlari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi esa hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.

Festivalning stol tennisi, shaxmat, voleybol, arqon tortish musobaqalarini ham juda ko‘p ishqibozlar tomosha qilishdi. Sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan bahslar bo‘lajak shifokorlar sport bilan chin ma’noda do‘st tutinganliklarini ko‘rsatdi.


Axborot asri barchamizdan kompyuter texnologiyalaridan unumli foydalanishni talab etmoqda. Kompyuter texnologiyalaridan yaxshi xabardor talabalar festival faoliyatini yorituvchi roliklar tayyorlash bo‘yicha bellashdilar. Hakamlar hay’atining tomonidan eng yaxshi roliklar intitut veb-saytiga qo‘yishga tavsiya etildi.

Festivalda tibbiyot instituti talabalari qo‘shiq aytish, milliy va estrada cholg‘ularida kuy ijro etish, aktyorlik yo‘nalishlari bo‘yicha ham bellashib ko‘rishdi. Har bir bahs qizg‘in tortishuvlarga boy bo‘ldi. Har bir talaba o‘z iqtidorini, iste’dodini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldi va bundan har bir ishtirokchi cheksiz mamnun bo‘ldi. Festivaldan ko‘zlangan asl maqsad ham shu edi. Lekin ko‘rik-tanlovning talabiga ko‘ra g‘olib aniqlanishi kerak va hakamlarning bahs-munozalari, hisob-kitoblariga asosan g‘oliblar aniqlandi. G‘oliblar institut ma’muriyati,  xodimlar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan festivalning rassomchilik, pazandachilik, sport, adabiyot va san’at, teatr  kabi yo‘nalishlari bo‘yicha diplom, sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

“Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida o‘tkazilgan “Yoshlar festivali” chin ma’noda yoshlar bayramiga aylandi. Bayramda esa hamma quvonchda,  yaxshi kayfiyat qurshovida bo‘ldi. Bayram yakunida esa, o‘zbekning azaliy an’anasiga ko‘ra barcha ishtirokchilarga fakultetlarning mohir oshpaz yigitlari tomonidan tayyorlangan palov tortildi.

Festival taassurotlari ishtirokchilarning dilida uzoq yashashiga ishonamiz. “Yoshlar festivali”ni o‘tkazish estafetasini esa Andijon davlat universiteti jamosi oldi. Demak, Andijonda yoshlar bayrami –  Yoshlar festivali yana davom etadi.

Odiljon Karimov, 

Dilafruz Sultonova,

ADTI axborot xizmati.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!