Andijon davlat tibbiyot institutining xorijlik talabalari Andijon shahri  bilan yaqindan tanishdilar

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Andijon davlat tibbiyot instituti o‘z salohiyati bilan tibbiyot yo‘nalishida taxsil olmoqchi bo‘lgan xorijlik yoshlarni o‘ziga ko‘proq jalb etmoqda. Institutda xorijlik talabalarning yuqori malakali mutaxassislar bo‘lib etishishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda institutda Xindiston, Bangladesh, Rossiya kabi davlatlardan kelgan yoshlar taxsil olishmoqda.

Qishki ta’til munosabati bilan mahalliy talabalar uylariga qaytishgan, xorijlik talabalar esa institut yotoqxonasida istiqomat qilishmoqda. Shuning uchun ularning ta’til vaqtlari – dam olish kunlarini mazmunli tashkil etish maqsadida institut ma’muriyati tashabbusi bilan Andijon shahri bo‘ylab sayohat uyushtirildi.

Xorijlik talabalar, avvalo, Bog‘i Boburda bo‘lishib Zahriddin Muhammad Bobur muzeyi bilan tanishdilar. Muzey ko‘rgazmalari xindistonlik, bangladeshlik, rossiyalik talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng mehmonlar Yangi yil uchun bayramona bezangan Eski shahar hududida bo‘lishdi. Yangi yil sayllarida ishtirok etgan xorijlik talabalar mehmondo‘st andijonliklar bilan samimiy suhbatda bo‘lishdi, esdalik uchun suratlarga tushdilar.

Xorijlik talabalarga hamrohlik qilgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Andijon davlat tibbiyot instituti boshlang‘ich tashkilot faollari Andijon tarixi, adabiyoti, san’ati haqida qiziqarli ma’lumotlarni etkazishdi.

Andijon bilan yaqindan tanishgan xorijlik talabalar go‘zal va navqiron Andijon shahri haqida katta taassurotlarga ega bo‘lishdi.

ADTI axborot xizmati

296