Shu kunlarda yurtimizda 9 May–Xotira va Qadrlash kuni keng nishonlanmoqda.
Bu qutlug‘ sana munosabati bilan joylarda turli tadbirlar, uchrashuvlar, bayram kechalari tashkil etilmoqda. 2019 -yil 8 -may kuni Andijon davlat tibbiyot institutida ham Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bayram tadbiriga faxriylar, ustozlar, barcha kafedralarning professor-o‘qituvchilari tashrif buyurdilar.
Tantanali tadbirni institut rektori M.Madazimov ochib, barchani bayram bilan qizg‘in tabrikladi va o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.
Shundan so‘ng, institut kasaba uyushma qo‘mitasining raisi Sh.Dehqonov bayram munosabati bilan taqdirlash to‘g‘risidagi maxsus buyruqni o‘qib eshittirdi.
Tadbirda uzoq yillar institutda faoliyat yuritib, hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan bir guruh faxriylar – Z.Salohiddinov, A.Mehmonov, Sh.Qodirov, T.Muhitdinova, J. Saidxodjaeva kabi ustozlarga, shuningdek, O‘zbekiston “Adolat”SDP faxriylariga institut ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasining bayram sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda faxriylardan S.Shamsuddinov, talabalardan oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi talabasi M.Umarxo‘jaevalar so‘zga chiqishib, o‘z tabriklari va dil so‘zlarini izhor etdilar.
Bayram tadbiri davomida institut jamoasi professor N.Mamasolievni tavallud kuni bilan qizg‘in tabrikladi. O‘z o‘rnida ustoz ham institut rahbariyatiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor va qadr uchun minnatdorchiligini bildirdi.
Tadbir yakunida uzoq yillar shu qutlug‘ dargohda mehnat qilgan marhum ustozlar haqidagi videorolik namoyish etildi. O‘tgan ustozlarning fotosuratlari orqali ularning yorqin xotiralari yodga olindi.
Xotira – muqaddas, qadr –aziz. Buni chin dildan anglagan institut jamoasi tomonidan o‘tganlar xotirasini yod etish, hozirgi kunda keksalik gashtini surayotgan ustozlarni borib yo‘qlash an’anaga aylangan.
Shu bois, Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami arafasida institut rektori M.Madazimov va bir guruh xodimlar uzoq yillar institutda mehnat qilgan ustozlarning xonadonlariga tashrif buyurdilar. Faxriylar- Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi Aleksandr Vasilevskiy, shuningdek, Klara Temirova, Dilorom Mamajonova, Klara Abdusalomova, Arofat Karimovalar hamda xo‘jalik bo‘limida faoliyat olib borgan faxriy ishchilarni ham bayram bilan tabriklab qaytdilar.
Shuningdek, institutda uzoq yillar fidokorona mehnat qilgan 20 nafar professor-o‘qituvchilar va xodimlarning oilalaridan ham xabar olindi.
Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan institutning marhum rektorlari A.Alimov, Yu.Atabekov, S.Jumaboevlar hamda marhum professorlar- V.Babaeva, S.Rahimovlar va boshqalarning qabrlari ziyorat qilindi, obodonlashtirilib gullar ekildi. Ularning xotiralari yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.