Bayram tabrigi

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Hurmatli ustozlar, qadrli hamkasabalar, go‘zal opa-singillarim, oqila qizlarim!

Sizlarni, sizlarning timsolingizda mamlakatimizdagi barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni 8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Shuni alohida ta’kiddlamoqchimanki, institutimiz ayollari o‘zlarining mashaqqatli mehnatlari bilan alohida e’tirofga loyiq. Shuning uchun Sizlarga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildiraman!

Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz.

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

Aziz va muhtarama opa-singillar!

Bugungi kunda O‘zbekistonni yanada rivojlanishida siz azizlarning beqiyos hissangiz bor. Buning uchun sizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi, albatta.

O‘nlab opa-singillarimiz “O‘zbekiston Qahramoni”, “O‘zbekiston fan arbobi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor” singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga, orden va medallariga sazovor bo‘lgan. Ularning orasida institutimiz ayollari ham borligi alohida faxrlanishga arziydi.

Mana kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va O‘zbekiston Ixtirochi ayollar uyushmasi tomonidan yurtimizning iqtidorli xotin-qizlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innavatsion loyihasi” uchinchi respublika tanlovining respublika bosqichida institutimizning gospital va shoshilinch pediatriya kafedrasi katta o‘qituvchisi, t.f.n. Xurmatxon Qamchievna  Xankeldieva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Talaba qizlarimiz bor Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga, nomdor stipendilarga sazovor bo‘lgan. Bularning barchasi biz uchun faxr, biz institutimiz ayollari, opa-singlillarimiz, talaba qizlarimiz bilan g‘ururlanib yuramiz.

Sizlarni yana bir bor 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar!

Ayollarimizning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘ling!

 M.M.Madazimov,

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor

191