Bobur hamisha el dilida

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Andijon farzandi Zahiridddin Muhammad Boburning odamiylik, ezgulik, poklik, halollikni, yurtparvarlikni, tinchlikni tarannum etgan asarlari hali hamon adabiyot muxlislarining mehri va ardog‘idadir.

Bobur tavalludining 537 yilligi munosabati bilan Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi va Andijon viloyati namunali “Maqom” ansambli hamkorligida viloyat qo‘g‘irchoq teatrida “Bobur hamisha el dilida” mavzusida adabiy-badiiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirni  Andijon davlat tibbiyot instituti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori P.X.Asxanov ochib berar ekan Andijonning asl farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur hamisha elimiz ardog‘ida ekanligi, uning g‘azal va ruboiylari har birimizning qalbimiz to‘ridan joy olganligini e’tirof etdi.

Shox va shoir Bobur tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbir Andijon viloyati namunali “Maqom” ansambli ijrochilari tomonidan ijro etilgan ohangrabo qo‘shiqlar bilan boshlandi.

Shundan so‘ng Andijon davlat tibbiyoti instituti talabalari tomonidan Bobur hayoti va ijodiga oid sahna ko‘rishlari namoyish etildi.

Ayniqsa, institut patologik anatomiya va sud tibbiyoti kafedrasi o‘qituvchilari rahbarligida tayyorlangan Bobur va uning o‘g‘li Xumoyun Mirzo o‘rtasidagi suhbat asosidagi sahna ko‘rinishi olqishlar bilan kutib olindi.

Raqqosa talaba Muazzamxon Jo‘ramirzaevaning dilbar raqslari barchaga zavq bag‘ishladi.

Andijon viloyati namunali “Maqom” ansambli san’atkorlarining mumtoz kuy-qo‘shiqlari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

“Bobur hamisha el dilida” mavzusi ostida o‘tkazilgan adabiy-badiiy tadbir Zahiriddin Muhammad Bobur hamisha xalqimiz ardog‘ida ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Bahtiyorjon Razaqov,

ADTI  patologik anatomiya va sud tibbiyoti

kafedrasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’uli

118