
Bugun, 12-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida shoh va shoir, Andijon farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan “Bobur kabi sevgin vatanni!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda institut rektori M.Madazimov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, Filologiya fanlari doktori, professorlar A.Sobirov va B.Rahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi X.Qo‘chqorova va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori kirish so‘zi bilan ochib berdi va o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Movarounnahr tarixida o‘chmas iz qoldirgan, Hindistonda esa bir necha asrga tatigulik burilish yasaganligi haqida so‘z yuritdi.
– Zahiriddin Muhammad Boburning ijodiy merosi o‘ziga xosligi, tushunarliligi bilan alohida ajralib turadi. Uning asarlarini avloddan avlodga o‘tib borishida barchamiz birdek mas’ulmiz- dedi, rektor.
Shundan so‘ng, so‘z olgan ustozlar Zahiriddin Muhammad Bobur o‘rta asr sharq ma’daniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lishi bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda bo‘lganligi, Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, o‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy olgani, uning nafis, go‘zal ruboiylari turkiy she’riyatining eng nodir durdonalari ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Unda talabalar tomonidan Bobur hayoti va ijodi aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Boburning qahramonligi, san’atga bo‘lgan muhabbati va adolatni targ‘ib qiluvchi faoliyati haqida qiziqarli faktlar taqdim etildi. G‘azal hamda ruboiylar ijro qilindi. Kuy-qo‘shiq va raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.