alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“BU UCHRАSHUV MEN UCHUN KАTTА IMKONIYAT ESHIKLАRINI OCHDI”, -DEYDI ILYOSMIRZO ZIYAYEV

12:21 20.06.2021

“BU UCHRАSHUV MEN UCHUN KАTTА IMKONIYAT ESHIKLАRINI OCHDI”, -DEYDI ILYOSMIRZO ZIYAYEV

Inson bugungi farovon kunidan mamnun boʼlsa arziydi. Chunki har bir sohaga, har bir oilaga, qoʼyinki, har bir fuqaroga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu ishlarning zamirida esa aholining turmush sharoitini yaxshilash boʼlmoqda. Men bir talaba sifatida shuni ayta olmanki, baxtiyor yurt farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Ilm olishim, oʼz iqtidorimni rivojlantirishim, ulkan muvafaqqiyatlarga erishishim uchun barcha imkoniyatlar yetarli.

Men hozirda 6-bosqich talabasiman. 2019-yilda Dogʼiston Respublikasi Tez tibbiy yordam koʼrsatish boʼyicha xalqaro olimpiadada xalqaro jamoalar oʼrtasida 1 – oʼrinni, 2021- yili Qozogʼiston Respublikasining Olmaota shahrida boʼlib oʼtgan jarrohlik xalqaro olimpiadasida 3-oʼrinni, Rossiya Federatsiyasida » Спаси и сохрани » 4- umumrossiya va xalqaro olimpiadasida chet el talabalari oʼrtasida 1-oʼrinni, umumjamoaviy bellashuvda 3-oʼrinni egalladim. Аndijon naʼmunasi asosida Jalaquduq tumanida hokim sifatida faoliyat olib bordim.

17-18-iyun kunlari Muhtaram Yurtboshimizning Аndijonga qilgan tashriflari chogʼida ular bilan bir davrada suhbatdosh boʼlishga musharraf boʼldim. Аndijon shahrida viloyat aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga bagʼishlangan yigʼilishda bunyodkorlik, qurilish-taʼmirlash, taʼlim va tibbiyot sohasiga alohida toʼxtalib oʼtildi.

Viloyatimizda 4 ta oilaviy poliklinika va 9 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etish boʼyicha topshiriq berildi. 1 million 500 ming aholini tibbiy koʼrikdan oʼtkazish, jumladan 300 mingdan ortiq ayollarni mammografik va ultratovush tekshiruvlaridan oʼtkazish muhimligi taʼkidlandi. Men ham boʼlajak shifokor sifatida mana shu jonbozliklarda ishtirok etishni niyat qildim.

Men yurtimizda boʼlayotgan bu kabi oʼzgarishlar, yangiliklar, ayniqsa yoshlarga qaratilayotgan eʼtibordan ruhlanib, yanada koʼproq izlanib, yetuk mutaxassis boʼlishga harakat qilaman.