alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

BUTUN O‘ZBEKISTON SIZDAN MINNATDOR!

12:13 05.05.2020

Ko‘ngil burchagi. Esse

Xom sut emgan bandamiz-da! Albatta, boshimizga ish tushgandagina kimning kim ekanligi, nima yaxshiyu nima yomonligi haqida o‘ylab qolamiz. Koronavirus balosi butun dunyoni bezovta qilib turgan shu onlarda hammamiz duogo‘y bo‘lib qolganimiz ham, balki shundandir…
***
Ba’zi bir ishlarimizni ko‘z oldimizga keltira turib, ba’zan o‘sha “Tojdor” dushmanimizning “peshonasidan” o‘pib qo‘ygim keladi-da! Nega, deysizmi? U bizga unutilgan yoki unutilayozgan ko‘p narsalarni yodimizga solib qo‘ydi.
Masalan…
Sizu men har kuni qo‘limizni uch-to‘rt mahal sovunlab yuvarmidik? Darrov “men shunday qilardim”, demang-da…
Yoki, ko‘ksimizga o‘ng qo‘limizni qo‘yib, o‘zbekona salomlashishni ham u yana odatga kiritganidan ham tonamizmi?
Avvallari aka-uka bir yoqda tura tursinu, ota-onamiznitayyor jamoat transporti yoki o‘z mashinamizda borib, ko‘rib kelishga erinardik. Endi, mana, shu savobli yumushni piyoda amalga oshiryapmiz. Buning uchun ham koronavirusdan minnatdor bo‘lishimiz kerak.
Yana, asosiysi, bizga eng yaqin do‘st kim ekanligi ham shu kunlarda ayon bo‘ldi-qoldi! Topolmadingiz-a?
Shifokorlar… Barcha tibbiyot xodimlari…
Hech bo‘lmasa, shunga e’tiroz qilmassiz?
 ***
Ko‘zga ko‘rinmas o‘sha “tojdor” yov bilan ilk bor yuzma-yuz kelgan kim? Albatta, shifokorlar… Pandemiyaning dastlabki kunlarida – infeksiya hech qanday klinik belgilarsiz namoyon bo‘layotgan vaqtda, birinchilardan bo‘lib, bemorlar bilan aynan ular muloqotda bo‘lishdi. Shuning uchun Xitoyda mingdan ortiq shifokor kasallikni yuqtirib oldi. Bunday holatlar Amerika Qo‘shma Shtatlari, Italiya, Ispaniya va bir qator rivojlangan davlatlarda ham qayd etildi. Lekin birorta davlatda buning uchun tibbiyot xodimlarini ayblash hech kimning xayoliga kelmadi! Butun dunyo ahli ular sha’niga faqat tahsinlar aytmoqda!
Shifokorlarning virusni o‘ziga yuqtirib olish holati bizda ham uchradi. Islomda har bir musibat yoki xastalikni Ollohdan, deb bilish uqtiriladi. Lekin, aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan O‘zbekistonimizning ayrim fuqarolari ularning o‘zlarini aybdor qilishga urinishyapti. Axir, u – SHifokor Gippokrat qasamyodiga sodiq qolish, uni bajarish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygani, bemorni kasallik bilan yolg‘iz qoldirishni o‘ziga ep ko‘rmagani, uni davolashga uringani uchun o‘zi ham xastalandi-ku!
***
Aslida qay birimiz – xoh jurnalist, xoh deputat, xoh boshqa kasb egasi bo‘lsin, qaysi tibbiy muassasaga kirib, kasallikka chalinganlar yoki shifokorlar bilan suhbatlashdi? Shifoxonani qo‘ya turing: hatto karantin hududiga kirib, u erdagilar holidan xabar olishni o‘zimizga ep ko‘rmadik-ku…
Butun dunyo, hatto eng rivojlangan davlatlar ojiz bo‘lib qolayotgan koronavirus barchani shoshirib qo‘ygani haqqast rost! O‘zbek shifokorlari, tibbiyot xodimlari unga qarshi yuzma-yuz kurashayotgan, har bir bemorni uning changalidan olib qolishga urinayotgan bir paytda, kechirasizu, Sizu bizga sichqonning ini ming tanga bo‘ldi-ku…
***
Sizu biz issiqqina uyimizda, oilamiz bag‘rida yotgan chog‘imizda shifokorlaru hamshiralar, kichik tibbiy xodimlar, ya’ni farrosh-sanitarlar o‘z ish joyini tark etishmadi. Buni dushman yopirilib kelayotgan paytda o‘z postini yoki janggohni tashlab ketmagan askarga o‘xshatsak, Asakamiz ketmaydi, axir?! Og‘ir ahvoldagi bemorni har kun, har soatda tekshirayotgan shifokor, unga muolaja qilayotgan nozikkina qad-qomatli hamshira qizni ko‘z oldingizga keltiring! Nima, ularning uy-joyi, oilasi, bola-chaqasi yo‘qmi? Yoki, jonlari biznikichalik shirin emasmikin-a? Nega ular o‘zini o‘tga uryapti? Kim uchun? O‘sha shifokoru hamshira qizlar necha kundan beri uyiga borishmagani, yaqinlarini ko‘rishmaganini bilasizmi?
Ta’bir joiz bo‘lsa, ularning bugungi jasorati Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatilgan qahramonlikdan sira kam emas! Tasavvur qiling: dushmanning DOT, DZOTidan tinmay “o‘q yog‘ilyapti”… Yovning o‘zi ko‘rinmaydi… Qaysidir botir jangchi o‘zini ambrazuraga tashlab, butun gavdasi bilan uning og‘zini yopadi… Va, qolgan askarlar yog‘iyni tor-mor etadi…
Bemorni davolash, parvarish qilish paytida o‘ziga virus yuqtirib olgan shifokor yoki hamshiralarni Aleksandr Matrosov va To‘ychi Eryigitovlarga o‘xshatgim keladi! Ular o‘zlarini o‘ylamagani uchungina kasallikka chalindilar. Axir, g‘alabaga qon va jon evaziga erishiladi-ku…
Ayting-chi, koronavirusga chalingan bemor o‘z holiga tashlab qo‘yilganda, nima bo‘lardi? To‘g‘ri, qaysidir shifokor yoki hamshira sog‘ qolardi. Biroq… Menimcha, fikrni davom ettirish shart emas.
***
Koronavirus infeksiyasi nima ekanini hali rivojlangan davlatlarning olimu fozillari, shifokorlari ham tushunib etganlaricha yo‘q. Shuning uchun ham u o‘zining bilintirmay hujumga o‘tish qobiliyatini to‘la ishga solyapti. Balki, shu bois ham deyarli butun dunyoni zabt etib ulgurdi. Hozirgacha shu virus bilan bilan kasallanganlar soni uch milliondan oshib, to‘rt millionga ketyapti. Hatto, manaman, degan AQSH, Italiya, Fransiya, Ispaniya kabi davlatlarda kuniga minglab odamlar qurbon bo‘lyapti. Nega ular koronavirus bemorlari ko‘payib ketganligi uchun shifokorlarni ayblashmayapti? CHunki, bugun biz noma’lum va ko‘rinmas makkor “dushman” qarshisida turibmiz.
Demak, virusning qilayotgan ishlari uchun shifokorlarni ayblash to‘g‘ri emas!
Xayriyat, jonajon O‘zbekistonimizda oldindan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini berdi. Kasallanganlar boshqalarga nisbatan ozchilikni tashkil etadi. Qurbonlar ham kam. Ko‘z tegmasin! Xursandlik bilan aytish kerakki, keyingi kunlarda xastalikdan tuzalayotganlar ko‘paydi.
Keling, kimlarning mehnati, harakatlari evaziga shunday natijaga erishilganini bir o‘ylab ko‘raylik. Ishoning, bu, kunu tun bemorning yonidan jilmagan, jonini garovga qo‘yib, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zini o‘ylamagan, “jang maydonini” tark etmagan shifokorlar mehnati samarasidir! Ularni har qancha madh etsak, har qancha olqishlasak, arzimaydimi?
Arziydi, do‘stim, arziydi!
***
Endi, mayli, kimga yoqmasa, qulog‘ini berkitib tursin. Mening tibbiyot ahliga aytadigan gaplarim bor…
-Aziz shifokor uka! Muhtarama hamshira singlim! Farrosh opajon!
Kim nima desa, deyaversin, Sizning mehnatingiz har qanday tasannoyu ehtiromga loyiq! Ilohim, Olloh umringizni ziyoda qilsin.
Siz kasallik va bemor o‘rtasida turib, kimningdir otasi, onasi yoki aka-ukasi, singlisi, farzandi arjumandini hayotga qaytarishga uringan paytingizda yoningizda turolmaganimizdan xijolatmiz. Butun O‘zbekiston xalqi, barchamiz Sizdan minnatdormiz, azizlarim! Bu haqda YUrtboshimiz har chiqishlarida ta’kidlaganlarida, mijjalarimizga qalqqan yosh oyoqlaringiz ostidagi changlarni aritishga arzisa, qaniydi! Har bir bemor ustida to‘kkan peshona teringiz ko‘zlarimizga to‘tiyo qilsak oz!
Sizning fidokorona mehnatingiz, kunu tunlar chekkan zahmatingiz “Tojdor” dushmanni chekintirdi, azizim! U yengildi va chekina boshladi. Uni Siz yengdingiz! G‘alaba onlari yaqin, inshoolloh, o‘sha kunlarga birgalikda yetaylik, qadrdonlarim!
Biz esa boshimiz yerga tekkuncha ta’zimdamiz!
Butun O‘zbekiston Sizdan minnatdor!
Siz bunga arziysiz!

 Najmiddin IKROMIY.

“Andijonnoma” gazetasi bo‘lim boshlig‘i, jurnalist

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!