Axborot texnologiyalari bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning 2020 yil 21-22 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 108.1-bandining ijrosi ta’minlash maqsadida Andijon Davlat tibbiyot institutida Axborot texnologiyalari bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etildi. Ushbu lavozimga axborot texnologiyalari markazi boshlig‘i Utanov Zafar Muxammadovich tayinlandi va institut rektorining 18 maydagi 148-XSH buyrug‘i bilan tasdiqlandi.




BOLAJONLAR, ERKATOYLAR!

Dunyo bolalari uchun eng beg‘ubor va quvonchli bayram bu – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni.  Albatta, bola bu – dunyo, bola bu – hayot mazmuning ajralmas bir qismidir. Bolalar o‘z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadilar. Ko‘zlarida ezgulik va mexr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg‘och misoli.

Butun dunyo bo‘ylab, har yilning 1 iyun kuni “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” sifatida nishonlanadi. Kelajak tarix bilan bunyod etiladi deyilganidek, ushbu kuning ham o‘z tarixi bor. Bu kunni aynan 1-iyun sanasida nishonlashi taklifi 1925-yil Jenevada ilgari surilgan va 1950-yildan esa 1-iyun BMT shafeligida butun dunyoda “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” sifatida nishonlanib kelinadi.

Bolalar huquqlarini himoya qilish haqida gap ketganda eng avvalo ko‘z oldimizga “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya keladi. Mazkur Konvensiya Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 1989-yil 20-noyabrdagi qarori bilan qabul qilingapn. Respublikamiz mazkur Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Yuqori Kengashining 1992-yil 9-dekabrdagi Qaroriga muvofiq qo‘shildi.

Mamlakatimizda ham ushbu bayram har yili dillarda quvonch ila nishonlanadi,  Sababi O‘zbekiston – bolajon yurt, xalqimiz esa azaldan bolajon xalq. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston qo‘shilgan ilk xalqaro shartnomalar qatorida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan so‘ng aynan Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya turishi ham buning yaqqol isbotidir.

Bolalarni himoya qilish kuni bayramining maqsadi keng jamoatchilik diqqatini muammoli bolalarga, ularning  huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega bo‘lishlariga va o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis va xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishlariga  qaratishdir. Dunyoda bolajonlar kulgisiyu sho‘x-shodon qiyqirig‘idan-da beg‘ubor narsa bo‘lmasa kerak. Osmon misol musaffo, timqora ko‘zlarini  sizgaqadagancha, biyron tilda tinmay savol berayotgan, murg‘ak qalbi bilan olamdagi jamiki ajoyibotlarni o‘rganishga, mushohada qilishga urinayotgan bolakayning nurli chehrasiga boqqan har qanday inson hayot tashvishlarini  unutadi. Zotan, farzandining saodatli va baxtiyor damlarini mudom ko‘rib yashash har bir inson umrining asosiy mazmunidir. FARZANDLAR kamoli roxatini ko‘ring!

Hayotimiz  mazmuni bo‘lgan aziz Bolajonlarimizni umrlari uzok, Kelajagi porlok bo‘lsin! Aziz farzandlarimiz baxtiga vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo dasturxonlarimiz to‘kin-sochin bo‘lsin!

BARCHA SHODLIK SIZLARGA BO‘LSIN, AZIZ BOLAJONLAR!.

 M.M.Madazimov

                                                                       Andijon davlat tibbiyot institut rektori, professor




Andijonlik yoshlar viloyat hokimi bilan jonli muloqot qildi

Bugun Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon viloyat teleradikompaniyasi orqali andijonlik yoshlar bilan jonli muloqot o‘tkazdi. Muloqotda yoshlar bilan ish olib boruvchi mas’ul tashkilotlar vakillari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etishdi.


Muloqot davomida viloyat yoshlari o‘z muammolarini telefon orqali viloyat rahbariga aytgan bo‘lsa, telegram messenjer boti orqali 4000 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Murojaat qilgan yoshlar asosan bandlik, kredit olish, bo‘sh er maydonlari va chet elga chiqish masalalarida muammolarini, ta’lim, fan, axborot kommunikatsiyalari va boshqa yo‘nalishlarda o‘z takliflarini aytib o‘tgan. Ayni paytda yoshlarning murojaat va takliflari o‘rganilib, ijobiy hal etilmoqda.


Karantin davrida masofa uzoq bo‘lsada yoshlar muammolarini echishdek oliy maqsadni ko‘zlagan jonli-muloqot barcha viloyat yoshlari uchun foydali bo‘ldi.

Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati




Andijon davlat tibbiyot instituti ma’muriyati talabalar bilan navbatdagi onlayn muloqotni o‘tkazdi

Masofaviy ta’lim jarayonida Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari talabalar bilan onlayn muloqotni uzviy yo‘lga qo‘yib oldilar.

Institut ma’muriyati ham o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda talabalar bilan masofaviy muloqotlar olib bormoqda. Ma’muriyatning navbatdagi onlayn muloqotini institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori P.X.Asxanov olib bordi. Onlayn muloqotda insititut rektori, prorektorlar, dekanlar, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

100 dan ziyod talabalar masofaviy ta’lim tizimi, amaliyot mashg‘ulotlari, yakuniy imtihonlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtigan savollarga onlayn ravishda institut ma’muriyati tomonidan javoblar, zarur ko’rsatmalar olishdi.

Ishtirokchilar onlayn muloqotlarni uzluksiz davom ettirishga kelishib oldilar.

ADTI axborot xizmati




Xotira tadbiri onlayn ravishda o‘tkazildi

Atrofidagilarga yaxshilik ilinib yashgan har bir inson qadr topadi va el xotirasida abadiy qoladi. Andijon davlat tibbiyot instituti yuqumli kasalliklar kafedrasi dotsenti, marhum Mirzahamdam Rahimovich Yulchiboyev ana shunday elda qadr topgan va dillarda abadiy yashovchi yurtdoshlarimizdan.

Institut yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan onlayn ravishda o‘tkazilgan xotira tadbirida M.R.Yulchiboyevning go‘zal fazilatlari, ezgu niyat ila amalga oshirgan ishlari yodga olindi.

Onlayn xotira tadbirini yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.X.Asxanov olib bordi. Tadbirda yuqumli kasalliklar kafedrasining professor-o‘qituvchilari, marhumning qarindosh-urug‘lari va 100 dan ziyod talabalar onlayn ravishda ishtirok etishdi.

Xotira tadbirida so‘z olgan yuqumli kasalliklar kafedrasi katta o‘qituvchilari K.A.Mulladjanova, Ya.M.Yuldashyev va S.Komilovlar ustozning ibratli hayot yo‘li, samarali mehnat faoliyati, ilmiy izlanishlari, shogirdlariga ko‘rsatgan mehri xususida so‘z yuritdilar.

Tadbir davomida namoyish etilgan, ustozning namanganlik shogirdlari tomonidan yuborilgan videorolikda M.R.Yulchiboyevning mehridaryo, bag‘rikeng, sahovatli va talabchan inson bo‘lganligi e’tirof etildi.

Onlayn xotira tadbiri yakunida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.X.Asxanov tadbir ishtirokchilariga minnaddorchilik bildirib, Andijon davlat tibbiyot instituti yuqumli kasalliklar kafedrasi dotsenti, marhum M.R.Yulchiboyevning hayoti yosh avlod uchun ibrat maktabi ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

ADTI axborot xizmati




CHEKISH – UMR ZAVOLI

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 1988-yilda 31-mayni “Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni” deb e’lon qilgan. Xalqaro chekishga qarshi kurashish kunining global maqsadi hozirgi va kelgusi avlodni tamakining nafaqat sog‘liq uchun salbiy jihatlaridan, balki ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy talofatlarning vayronkor oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan.


Tamaki iste’mol qilish yurak ishemik kasalligi, insult va periferik tomirlar kasalliklari rivojlanishining eng xavfli omillaridan biridir. Dunyo bo‘yicha yurak-tomir tizimi kasalliklari tufayli boshqa har qanday sabablardan ko‘ra ko‘proq odamlar vafot etmoqda, tamaki iste’mol qilish va tamaki ikkilamchi tutunining ta’siri esa yurak-tomir tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi arterial gipertoniyadan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi xavfli omil hisoblanadi.

Har yili global tamaki epidemiyasi deyarli 7 million o‘lim holatlariga olib keladi, ulardan 900 000 dan ortig‘i chekmaydigan, lekin ikkilamchi tamaki tutuni ta’siri ostida qolgan odamlar orasida yuz beradi.
Afsuski, bugun dunyoda chekuvchilarning tobora «yosharib» borayotgani kuzatilmoqda. Masalan, rivojlangan davlatlarda odamlar 18 yoshdan, rivojlanayotgan mamlakatlarda 15, qoloq davlatlarda esa hatto 13 yoshdan boshlab chekishga ruju qo‘yishayapti. Kashandalar safiga har yili 80-100 ming nafar voyaga etmaganlar kirib kelayotir. Ularning har 10 tadan 8 tasi kelgusida bu illatdan qutulolmayotgani e’tiborga olinsa, mazkur xavfning tobora global ahamiyat kasb etayotgani oydinlashadi.

Tamaki iste’moli sog‘liqni saqlash va faoliyat samaradorligining pasayishini inobatga olganda, milliy iqtisodiyot uchun qimmatga tushadi. U sog‘liqni saqlash sohasidagi tengsizlikni chuqurlashtiradi va qashshoqlik muammosini yanada kuchaytiradi, chunki kam ta’minlangan kishilar eng asosiysi – oziq-ovqat mahsulotlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash uchun kamroq mablag‘ sarflashadi. Tamaki iste’moli natijasida erta o‘lim holatlarining 80 foizi past va o‘rta darajali daromad oluvchi mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.

Albatta, bu baloga oid ma’lumotlarni eshitish, o‘qish, bilish uchun chekuvchi bo‘lish shart emas. Balki chekmaydigan, bu narsadan yiroq bo‘lish baxtiga sazovor bo‘lgan kishilar ham kashandalikning zararlari, insoniyatga salbiy ta’siri haqida kerakli ma’lumotlarni hujjat-dalillari bilan bilib qo‘yishsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu bilan bilganlarini boshqalarga aytish, loaqal o‘z farzandlarini, yaqin kishilarini bu zararli illatga mubtalo bo‘lishdan saqlab qolish imkoniga ega bo‘ladilar.

Yodingizda bo‘lsin, chekish sog‘lig‘ingiz uchun zarardir!

B.X.Mirzakarimov
ADTI Davolash (amaliyot) ishlari prorektori




Andijon davlat tibbiyot instituti Ilmiy kengashining onlayn yig‘ilishi

2020-yil 29-may kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.M.Madazimov raisligida navbatdagi onlayn Ilmiy kengash  yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengash a’zolari – Ilmiy kengashlar zalida yig‘ilganlar va o‘z xonalarida  turib bevosita kengash ishida ishtirok etdilar.

Onlayn  Ilmiy kengash an’anaga ko‘ra ilmiy ishlarini himoya qilgan professor-o‘qituvchilarni qutlash bilan boshlandi. Kengash a’zolari institut ilmiy salohiyatini oshirishga xissa qo‘shayotgan xodimlarning kelgusi ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladilar.

Kengash kun tartibidagi dastlabki masala – “Institutda ilmiy ishlarning bajarilishi” haqida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G‘.M.Xodjimatov xisobot berdi.

Kun tartibidagi “Institutda masofaviy ta’lim jarayonidagi yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish choralari” mavzusi bo‘yicha o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor  A.Sh.Arziqulov hamda ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i G‘.U.To‘ychiyevlar ma’ruza qildilar.

Shuningdek, Kengash davomida “Institutning yangi 2020-2021 o‘quv yiligiga puxta tayyorgarlik va 2019-2020 o‘quv yili yakunlari”, “Professor-o‘qituvchilarining yillik attestatsiyadan o‘tkazish va uning natijalari” va boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Andijon davlat tibbiyot instituti Ilmiy kengashining onlayn yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

ADTI axborot xizmati




Talabalar hamisha qo‘llab-quvvatlanadi

Andijon davlat tibbiyot institutida talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berib kelinadi.

Masofaviy ta’lim tizimiga o‘tilishi munosabati bilan talabalarning masofaviy onlayn mashg‘ulotlarda faol ishtirokini ta’minlash, internet tarmog‘idan samarali foydalanishlariga qulaylik yaratish maqsadida chegara hududlarida yashovchi bir guruh talabalarga institut rektori tomonidan zamonaviy smartfonlar topshirildi.

Davolash fakulteti 1-kurs talabasi D.Sodiqova, shu fakultet 2-kurs talabasi M.Umarova, pediatriya fakulteti 1-kurs talabasi T.Sobirova, shu fakultet 3-kurs talabasi Sh.Qayumovalar ko‘rsatilgan e’tibor uchun, masofaviy ta’lim jarayonida yanada faol ishtirok etishlariga yaratilgan qulaylik uchun institut ma’muriyatiga o‘z minnaddorchiliklarini bildirdilar.

ADTI axborot xizmati




“SOG‘LOM TUMUSH TARZI” BO‘YICHA VIDEOKONFERENSIYA O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4063-sonli qarori, JSSTning arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bo‘yicha klinik protokollar, standartlar hamda tavsiyalar talablarini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga tadbiq qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vazirining 2019-yil 10-maydagi № 126-sonli buyrug‘i ijrosi, hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida ADTI va SSB xodimlariga berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha “SOG‘LOM TURMUSH TARZI VA SOG‘LOM OVQATLANISH TAMOYILLARI o‘quv dasturi bo‘yicha videokonferensiya o‘tkazildi.

Videokonferensiyani institut rektori M.M.Madazimov aholini tibbiy madaniyatini oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha institutda olib borilayotgan ishlar va oldindagi bajarishimiz lozim bo‘lgan vazifa va rejalar borasidagi kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Videokonferensiyada O‘zRSSVning Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori B.T.Odilova ishtirok etdi. B.T.Odilova konferensiya qatnashchilariga tibbiyot xodimlarining aholi tibbiy madaniyatini oshirishdagi tutgan o‘rni va bu boradagi olib boriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida tushunchalar berdi.

Videokonferensiya qatnashchilarini “SOG‘LOM TURMUSH TARZI VA SOG‘LOM OVQATLANISH TAMOYILLARI DASTURIbo‘yicha axolini o‘qitish jarayoni bilan ADTI davolash ishlari prorektori B.X.Mirzakarimov va VMO va QT fakulteti UASH MO va QT kafedrasi mudiri dotsent G.U.Nazarova tanishtirib berishdi va shu kafedra katta o‘qituvchilari J.M.Xudayberdiyev, M.B.Boyqo‘ziyevalar “To‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish tamoyillari. Ovqatlanish gigienasi va ovqatlanish tartibi” mavzusida ma’ruza qilishdi.

Videokonferensiya savol javoblarga boy tarzda o‘tdi.

Davolash (amaliyot) ishlari bo‘limi




Andijon davlat tibbiyot institutida “Klinik tibbiyotga simulyasion ta’lim integratsiyasi tajribalarining amaliy qo‘llanilishi” mavzusida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonda birinchi marta simulyasion ta’limni rivojlantirish mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya pediatriya, akusherlik-ginekologiya, xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya, ichki kasalliklar yo‘nalishlarida ish olib bordi. Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiyaga Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.M.Madazimov raislik qildi, institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor A.Sh.Arziqulov va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, dotsent K.Z.Salaxiddinovlar boshqardilar.


“Klinik tibbiyotga simulyasion ta’lim integratsiyasi tajribalarining amaliy qo‘llanilishi” (“ОПЫТ ИНТЕГРАЦИИ СИМУЛЯЦИОННОГО ОБУЧЕНИЯ В КЛИНИЧЕСКУЮ МЕДИЦИНУ“) mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiyada Germaniyaning Rostok Universiteti, Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston tibbiyot universitet, Irlandiya qirolligi Xiruglar kollejining diplomdan keyingi xirurgik ta’lim departamenti, Ukrainaning Xarkov milliy tibbiyot universitet, Qirg‘iziston Respublikasi Oliy tibbiyot maktabi simulyasion markazi, Tashkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand davlat tibbiyot institutidan professor-o‘qituvchilari va Andijon davlat tibbiyot instituti prorektorlari, dekanlari, kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilari onlayn tarzda ishtirok etishdi.

Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiyani Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.M.Madazimov ochib berar ekan barchaga samimiy hamkorlik uchun minnadorchilik bildirdi va konferensiya dasturi va ma’ruzachilar bilan tanishtirib o‘tdi. Shundan so‘ng Andijon davlat tibbiyot instituti tarixi, ta’lim sifatini oshirish, simulyasion markazning tashkil etilishi va faoliyati yuzasidan ma’ruza qildi.

Shundan so‘ng ma’ruzachilarga so‘z berildi. Yetuk mutaxassislar simulyasion texnologiyalar, simulyasion ta’lim jarayonida e’tibor qaratish zarur jihatlar, talabalarning amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun simulyasion markazlarda yaratilishi zarur chora-tadbirlar yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.

Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya davomida tibbiyotda malakali mutaxassislar tayyorlash uchun xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, simulyasion ta’limni rivojlantirish borasidagi tajribalar yuzasidan fikr-mulohazlar, takliflar bildirildi.

“Klinik tibbiyotga simulyasion ta’lim integratsiyasi tajribalarining amaliy qo‘llanilishi” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi.

ADTI axborot xizmati