alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

CHEKISH – UMR ZAVOLI

17:01 29.05.2020

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 1988-yilda 31-mayni “Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni” deb e’lon qilgan. Xalqaro chekishga qarshi kurashish kunining global maqsadi hozirgi va kelgusi avlodni tamakining nafaqat sog‘liq uchun salbiy jihatlaridan, balki ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy talofatlarning vayronkor oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan.

Tamaki iste’mol qilish yurak ishemik kasalligi, insult va periferik tomirlar kasalliklari rivojlanishining eng xavfli omillaridan biridir. Dunyo bo‘yicha yurak-tomir tizimi kasalliklari tufayli boshqa har qanday sabablardan ko‘ra ko‘proq odamlar vafot etmoqda, tamaki iste’mol qilish va tamaki ikkilamchi tutunining ta’siri esa yurak-tomir tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi arterial gipertoniyadan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi xavfli omil hisoblanadi.

Har yili global tamaki epidemiyasi deyarli 7 million o‘lim holatlariga olib keladi, ulardan 900 000 dan ortig‘i chekmaydigan, lekin ikkilamchi tamaki tutuni ta’siri ostida qolgan odamlar orasida yuz beradi.
Afsuski, bugun dunyoda chekuvchilarning tobora «yosharib» borayotgani kuzatilmoqda. Masalan, rivojlangan davlatlarda odamlar 18 yoshdan, rivojlanayotgan mamlakatlarda 15, qoloq davlatlarda esa hatto 13 yoshdan boshlab chekishga ruju qo‘yishayapti. Kashandalar safiga har yili 80-100 ming nafar voyaga etmaganlar kirib kelayotir. Ularning har 10 tadan 8 tasi kelgusida bu illatdan qutulolmayotgani e’tiborga olinsa, mazkur xavfning tobora global ahamiyat kasb etayotgani oydinlashadi.

Tamaki iste’moli sog‘liqni saqlash va faoliyat samaradorligining pasayishini inobatga olganda, milliy iqtisodiyot uchun qimmatga tushadi. U sog‘liqni saqlash sohasidagi tengsizlikni chuqurlashtiradi va qashshoqlik muammosini yanada kuchaytiradi, chunki kam ta’minlangan kishilar eng asosiysi – oziq-ovqat mahsulotlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash uchun kamroq mablag‘ sarflashadi. Tamaki iste’moli natijasida erta o‘lim holatlarining 80 foizi past va o‘rta darajali daromad oluvchi mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.

Albatta, bu baloga oid ma’lumotlarni eshitish, o‘qish, bilish uchun chekuvchi bo‘lish shart emas. Balki chekmaydigan, bu narsadan yiroq bo‘lish baxtiga sazovor bo‘lgan kishilar ham kashandalikning zararlari, insoniyatga salbiy ta’siri haqida kerakli ma’lumotlarni hujjat-dalillari bilan bilib qo‘yishsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu bilan bilganlarini boshqalarga aytish, loaqal o‘z farzandlarini, yaqin kishilarini bu zararli illatga mubtalo bo‘lishdan saqlab qolish imkoniga ega bo‘ladilar.

Yodingizda bo‘lsin, chekish sog‘lig‘ingiz uchun zarardir!

B.X.Mirzakarimov
ADTI Davolash (amaliyot) ishlari prorektori

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!