2019- yil 17- may kuni Rossiya Federatsiyasi Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti rektori S.Mammaev, mazkur universitetning stomatologiya fakulteti dekani T. Abakarov hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha mas’uli S.Xadjalievalar bilan Andijon davlat tibbiyot instituti rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirni institut rektori M.Madazimov ochib, delegatsiya a’zolarini tanishtirdi.
So‘ngra Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti rektori S.Mammaev so‘zga chiqib, ADTI rahbariyati va jamoasining ko‘rsatgan yuksak hurmat- ehtiromi, samimiy munosabati, mehmondo‘stligi uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Dog‘iston davlat tibbiyot universitetining bugungi faoliyati, jumladan, olib borilayotgan o‘quv-uslubiy, ilmiy-amaliy ishlar, zamonaviy ta’lim jarayoni, kadrlar tayyorlash masalalari, xalqaro hamkorlik aloqalari xususida ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida ADTI professorlaridan Q.Soliev, M.Agranovskiy va boshqalar so‘z olishib, dog‘istonlik hamkasblarining tashrifidan, ular bilan hamsuhbat bo‘lib, tajriba almashganliklaridan mamnun ekanliklarini aytdilar.Kelgusida har ikki oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorlik va yaqin do‘stlik aloqalari foydali hamda samarali bo‘lishini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida institut rektori M.Madazimov professor-o‘qituvchilar va talabalar nomidan dog‘istonlik mehmonlarga yana bir bor tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, samimiy tilaklarini izhor etdi.