alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

EZGULIK DAFTARIDAGI NURLI TILAKLAR

22:40 03.09.2021

Dunyoda shunday jannatmakon yurt borki, u yurtda olib borilayotgan har bir harakatning zamirida inson manfaatlarini himoya qilish yotadi. Bu yurt mening Vatanim O‘zbekistondir! Ha, ana shu muqaddas zaminda har bir insonning bilim olib, yetuk va komil inson bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Boshqacha aytganda, inson huquqlari qomusimiz bilan kafolatlab qo‘yilgan. Qayga bormang, yurtimizning qaysidir go‘shasida bo‘lmang, yurtdoshlarimizning kayfiyati baland, yuragida ulkan orzular va ezgu niyatlar qanotida yashayotganini, har birlarining hayotdan rozi bo‘lib yashayotganini ko‘rasiz.

Kuni kecha nishonlangan eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazilgan tantanali tadbirni oynai jahon orqali ko‘rib, barcha yurtdoshlarim qatori mening ham yuragim to‘lqinlanib ketdi. Barchamizga ma’lumki, mustaqillik osongina qo‘lga kiritilmagan. Mustaqillik uchun ne-ne millatimizning asl farzandlari o‘z jonini qurbon qildilar. Vatan ozodligi uchun jon olib, jon berdilar. Bugun shu asl farzandlarning haqqi xotirasi hurmati biz uchun tengsiz ne’matlardan biri bo‘lgan mustaqilligimizni asrashimiz zarur. O‘tayotgan har bir onimiz va soniyalarimiz uchun tengsiz shukronalik ruhini qalbimizda tuyib yashashimiz lozim.

Muhtaram Yurtboshimizning tantanali marosimdagi nutqini tinglar ekanman, shu yurtning fuqarosi, bir ziyolisi sifatida ko‘nglimdan o‘tganlarini Siz bilan dillashishni istadim.

Jonajon xalqimiz mustaqillikning qo‘lga kiritilishida hamda tariximizning eng murakkab va og‘ir davrlarida yurtimizni boshqargan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘anievich Karimov nomini, u kishining bevosita rahbarligida, xalqimizning matonati va jasorati bilan amalga oshirilgan ulkan ishlarni esga olinishining tabiiy holligini yaxshi biladi, mustaqillik yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida muhim ishlar bajarilganligi, kam muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasining ishlab chiqilganligi, zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllanganligi, mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini, sarhadlarimizning daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan Qurolli Kuchlar barpo etilganligi, milliy valyutamiz – so‘mning joriy qilinganligi, oltin-valyuta zahiralarimizning shakllantirilganligi, qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o‘zligimizning tiklangani yurak yuragimiz bilan jonimizni baxshida etmoq istagan mana shu jannat yurtimizning ertasi uchun minglab fidoiylar mehnat qilganidan hamda uning kelajagi kelgusida yanada nurli bo‘lishidan dalolat beradi. Ayniqsa, muhtaram Yurtboshimiz o‘z chiqishlarida har bir sohani e’tirof etib o‘tganlarida yuraging hapriqib, erishilgan yuksak natijalardan ko‘ngling osmon qadar shodlanar ekansan. Lek kezi kelganda aytishni istardimki, Yurtboshimiz o‘z chiqishlari bilan shu yurtning farzandi arjumandiman degan inson yuragiga faxr va iftixor, shu Vatan dilbandi ekanligidan g‘ururlanish tuyg‘usini joylay oldi. Oliy ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan ziyoli sifatida aytamanki, keyingi yillarda yurtimizda oliy ta’lim sohasini rivojlantirishga va sohalarni iqtidorli hamda salohiyatli kadrlar bilan to‘ldirish, mashaqqatli mehnat qilayotgan o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish borasida ham ibratli ishlar amalga oshirildi va qisqa muddatda ulkan taraqqiyot yo‘li bosib o‘tildi. Bugungi kunda yurtimiz dunyo xaritasida va jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega.

Muhtaram Yurtboshimiz o‘z chiqishida ta’lim sohasi bo‘yicha bildirgan fikrlari ham e’tiborga molik va sohaning rivoji uchun keng ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilganidan dalolat berishini anglagan holda ko‘ngil bo‘stonimizda ta’lim rivoji uchun o‘ylagan ezgu niyatlarimizni ham amalga oshishini istab, yuragimga olov solgan, ko‘nglimni shijoatlantirgan fikrlarni aynan keltirishni joiz deb bildim:

“Atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli so‘zlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi.”

Asosiy maqsadimiz, dunyo tan olgan renessanslarni amalga oshirgan ajdodlarimizga munosib avlodlarni tarbiyalash hamda bugungi kunda uchinchi Renessansni yurtimizning ertasi, kelajagimiz egalari, umidimiz yulduzlari-yoshlar bilan quramiz deb turilganda, ta’lim va tarbiyaga e’tibor qaratish muhim vazifalardan biri sanaladi.

Bugun ta’limdagi islohotlardan ham asosiy maqsad, buyuk allomalarimizning munosib izdoshlarini tarbiyalash, yangi Navoiylar, Beruniylar, Zamahshariy, Marg‘inoniy, Buxoriylar, Termiziylar, Boburlar, Amir Temurlarni dunyoga tanitish va ulug‘larga beshik bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni dunyo ahliga yana bir bor ko‘rsatish deb bilaman. Bugungi kunda olib borayotgan islohotlarimiz taqozo qilganidek, so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil qilinib, ularning soni 141 taga yetkazilgani, qabul kvotasining 3 barobarga oshirilgani ham ayni haqiqat va kun talabidir. Har bir sohada bo‘lganidek, bugun yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan o‘zgarib borayotganini sohada olib borilayotgan ijobiy ishlardan ham sezish mumkin.

Tibbiyot sohasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati va samaradorligi, sog‘lom turmush tarzi yangi bosqichga ko‘tarilganligi, poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatining mustahkamlanayotganligi, moliyaviy ta’minoti kuchaytirilayotganligi ham sohadagi xayrli ishlarga turtki bo‘lmoqda.

2016 yilda mavjud bo‘lgan 800 ta «Tez yordam» shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetkazilganligi, tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga ko‘paytirilgani ham fikrimiz tasdig‘i hisoblanadi. Olib borilayotgan samarali faoliyat natijasida bugun ulkan natijalarni qo‘lga kiritayotganimiz ham sohadagi ishlarimizning natijadorligidan darak beradi. Umuman olganda, Muhtaram Yurtboshimizning chiqishlarini men ezgulik daftaridagi nurli tilaklarga mengzagim keldi. Nazdimizda, mana shu yurtda yashayotgan har bir insonning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun qilingan faoliyat, ularga tilanadigan nurli tilaklardir. Inson qachon nurli tilaklar qila oladi? Aminmanki, go‘zal o‘ylab, go‘zal niyat qilsagina?! Ming shukurki, bugun shunday kunlarni ko‘rmoqlik bizga nasib etdi. Bugun yurtdoshlarimizning yurak saltanatidagi o‘ylagan eng ezgu orzulari amalga oshishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi, yaratilmoqda va bundan keyin ham yaratiladi. Eng muhimi, jonidan sevgan yurtida tinchlik, barqarorlik hukmron. Ilohim, ana shu tinchligimizga ko‘z tegmasin! Ming shukurki, istiqlol bizga o‘ylagan va erishmoq istaganlarimizni barchasini in’om etdi. Bugun dunyoning ayrim davlatlari urush olovi ichida yonayotgan damlarda jannatmonand O‘zbekistondagi shodonlik, baxtiyorlik, xotirjamlik, farovonlikni ko‘rib qalbingiz sevinadi, mijjalaringizdan shu yurt farzandi ekaningizdan yuragingiz yonib yoshlar dumalaydi. O‘sha onlarda dunyolarga hayqirib aytgingiz, O‘zbekistondek jannat yana qayda bor degingiz keladi?! Dunyolarga alishmaydigan Vatan farzandiman, bundan cheksiz baxtning ta’mini tuyaman, zimmamdagi ulkan vazifalar qamrovini his qilgan holda barcha ziyolilarimizni o‘z vazifalarini yurakdan bajarishga chorlab qolaman. Ilohim, har bir amalga oshirmoqchi bo‘lgan faoliyatimiz bilan ezgulik daftaridagi nurli tilaklarning ro‘yobga chiqishiga hissa qo‘shaylik! Har birimizga nurli tilaklarimiz ijobatini ko‘rish nasib etsin!

ADTI rektori M. Madazimov

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!