Hindistonning “ROOBAROO”  kompaniyasi rahbari Andijon davlat tibbiyot instituti mehmoni

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Hindistonning madaniyati, san’ati, tibbiyoti dunyo xalqlarini azal-azaldan qiziqtirib kelgan. O‘zbek xalqi ham “Sehrli diyor”ga hurmat bilan qaraydi. Hind xalqining iste’dodli, bilimli fuqarolari Hindistonning o‘zidagi va dunyoning turli mamlakatlaridagi nufuzli kompaniyalarida ish olib borishmoqda. Hindistonning “ROOBAROO”  kompaniyasi sayyohlik, ta’lim va tibbiyot yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi nufuzli kompaniyalardan sanaladi. Kompaniya dunyoning turli davlatlaridagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan holda talabalar almashinuvini amalga oshiradi. Ana shunday hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida “ROOBAROO”  kompaniyasi rahbari Gagan Gupta  Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.

Hindistonlik mehmonni Andijon davlat tibbiyot instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Sh.Arziqulov, o‘quv bo‘limi boshlig‘i Q.Yusupov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i K.Salahiddinovlardan iborat institut jamoasi samimiy kutib oldi. Suhbat avvalida janob Gagan Gupta “ROOBAROO” o‘zbekcha “ro‘baro‘ (yuzma-yuz)” so‘zidan olinganligi, hind xalq Bobur avlodi bo‘lgan o‘zbek xalqini hamisha hurmat bilan tilga olishini e’tirof etdi.

O‘zaro suhbat davomida institut jamoasi institut faoliyati, yo‘nalishlari, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, xorijiy tibbiyot muassasalari bilan o‘rnatilgan aloqalar, xalqaro aloqalarning yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Janob Gagan Gupta talabalar almashinuvi, xalq tabobati, davolashning noan’anviy usullari bo‘yicha o‘zini qiziqtirgan savollar bilan murojjaat qildi va yetarlicha ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shundan so‘ng Hindistonning “ROOBAROO”  kompaniyasi rahbari Gagan Gupta Kengashlar zalida talabalar bilan suhbatda bo‘ldi. Suhbat avvalida “ROOBAROO”  kompaniyasi faoliyati aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.

Viderolik namoyishidan so‘ng janob Gagan Gupta “ROOBAROO”  kompaniyasining faoliyat yo‘nalishlari, jumladan, ta’lim yo‘nalishi – axborot texnologiyalari va ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha olib borayotgan faoliyati haqida ma’lumotlar berdi. Talabalar suhbatni qiziqish bilan tingladilar.

ADTI axborot xizmati.

242