
Yaxshi insonlarning yodi o‘chmaydi. Ularning qilgan ezgu amallarini kelajak avlod doim qadrlab, yod oladi.
Ayni kunlarda 9-may – Xotira va qadrlash kuni tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Shu jumladan Andijon davlat tibbiyot institrutida ham “Inson qadri ulug‘, xotirasi muqaddasdir” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov institut rektori M.Madazimovning tabrigi bilan ochib berdi va II jahon urushining olovli yillari, front va front ortidagi zaxmatlar, tinchlik uchun olib borilgan kurashlar, mard o‘g‘lonlarning jasorati haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng faxriy ustozlar talabalarga shifokorlik kasbi, osoyishta hayot qadri, hozirda yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi F.Xanafiyayev tomonidan institutning 19 nafar professor-o‘qituvchilari Qadrnoma bilan, 10 nafar professor-o‘qituvchi va xodimlar Yodnomalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, institut Kasaba uyushmasi tomonidan faxriy ustozlarga bayram sovg‘alari taqdim etildi.
Tadbir davomida urush yillari sahnalari iqtidorli talabalar tomonidan mahoratli ijro etildi. Vatan mavzusidagi kuy-qo‘shiqlar kuylandi.