Bugun, 26-noyabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov Davolash fakultetining 5-bosqich talabalari bilan uchrashdi.
Unda shuningdek, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov va talabalar ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuvda rektor bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning o‘z iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini, yoshlar esa o‘qib, o‘rganib yutuqlarga erishishlari mumkinligini taʼkidladi. Talaba-yoshlarning odob-axloq qoidalari, kiyinish madaniyatiga rioya qilishi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, suhbat davomida yoshlarga har bir talabada shaxsiy elektron kutubxona bo‘lishi, bu borada esa institut axborot-resurs markazida barcha sharoitlar mavjud ekanligi, darslarda axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish, chet tillarini mukammal o‘zlashtirish, muassasada rus va ingliz tili to‘garaklari tashkil etilgani, talabalar darslarda o‘z ma’ruza va taqdimotlari namoyishini chet tillarida olib borishsa qo‘shimcha ballar bilan rag‘batlantirilishi haqida ham ta’kidlab o‘tildi.
– Sizlarning bugungi olgan bilimlaringiz kelajagingizga poydevor bo‘ladi. Boisi yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun bugundan harakat qilishingiz lozim. Xabaringiz borki, bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash maqsadida amaliy ishlar boshlab yuborilgan va hozirda bitiruvchi bosqich talabalarimiz o‘z yashash xududlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirilmoqda va ular oilaviy shifokor bo‘lib faoliyat olib borishmoqda. Bu esa dual ta’lim tizimi asosida nazariy olgan bilimlarini amaliyotda yanada boyitishmoqda. Ishonch bilan ayta olamanki, bu kabi amaliy ishlarimiz kelgusida ham davom etadi va siz ham keying yildan ham o‘qib, ham amaliy ko‘nikmalar hosil qilasiz,- dedi institut rektori.
Suhbat yakunida talabalarga to‘lov shartnomalarini qulay tarzda amalga oshirish to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Qolaversa, bugungi sovuq va qirovli kunlarda yo‘l qoidalariga amal qilish, Talabalar turar joyi va ijara xonadonlarida elektr energiyasi xavfsizligiga amal qilish borasida ham tushunchalar berildi. Shuningdek, yoshlarning taklif va mulohazalari ham o‘rganilib, ularning ijrosi bo‘yicha mas’ullarga vazifalar berildi.