2019 – yil 1 – may kuni Andijon shahridagi “Hamkor” biznes markazida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi. Anjumanga Rossiya Federatsiyasi Sog’liqni Saqlash Vazirligi diplomdan keyingi ta’lim akademiyasining pediatriya kafedrasi mudiri, professor, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko’rsatgan shifokor, Federal Okrug bosh pediatri Irina Nikolayevna Zaxarova taklif qilindi.
ADTI fakultet pediatriya va neonatologiya, bolalar kasalliklari propedevtikasi va poliklinik pediatriya, gospital va shoshilinch pediatriya, shuningdek, pediatriya kafedrasi professor-o’qituvchilari tomonidan tashkil etilgan ushbu anjuman bolalar o’rtasida tez-tez uchraydigan kasalliklarni samarali va tezkor davolashni olib borish, ular immunitetini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy nazoratni yo’lga qo’yish va oldini olish kabi dolzarb masalalarga bag’ishlandi.
Anjuman ishini institut o’quv ishlari bo’yicha prorektori A.Arziqulov ochib, ADTI va Rossiya oliy ta’lim muassasalari ilmiy izlanuvchilari o’rtasida o’rnatilayotgan hamkorlik aloqalarining natijalari, akademik va talabalar almashinuvlari, telemeditsina, onlayn konferensiyalar va ma’ruzalar, mahorat darslari, ilmiy-tadqiqot ishlarinihg samaradorligi xususida gapirib, ilmiy hamkorlik aloqalarining istiqboli yanada keng qamrovli bo’lishiga ishonch bildirdi.
I.N.Zaxarovaning “Tez – tez kasallanuvchi bolalarni zamonaviy davolash va oldini olish usullari” mavzusida ma’ruzasi katta qiziqish bilan tinglandi.
Ilmiy-amaliy anjuman ishini kafedra mudiri, dotsent B.Inaqova olib bordi. Dolzarb mavzudagi ma’ruzalarda kafedra mudirlari, dotsent M.G’anieva, A.Arzibekov va M.Abdullaevalar ishtirok etib, zamonaviy tashxis va samarali davolash usullari haqida o’z tajriba va bilimlari bilan o’rtoqlashdi.
Anjuman ishida ishtirok etgan institut professor-o’qituvchilari, magistrlar, klinik ordinatorlar, VMO va QT fakulteti kursantlari, Farg’ona vodiysi viloyatlari mutaxassis shifokorlari ishtirok etib, o’zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
Anjuman so’nggida ishtirokchilar rossiyalik mutaxassisga Andijonga tashrifi va do’stona, ilmiy hamkorligi uchun minnatdorchilik bildirdilar.