alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Is gazidan ehtiyot bo‘ling!

16:56 14.12.2020

Havo harorati pasaya boshlashi bilan barchamiz xonadonimizni isitish harakatiga tushib qolamiz. Xonalar isitish tizimi bilan jihozlanmagan bo‘lsa, qo‘shimcha issitish vositalari, turli pechlardan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bunda gaz, o‘tin, ko‘mirdan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida ko‘ngilsiz holatlar yuz berishi mumkin.
E’tiborsizlik, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, gaz oqimining uzilib qolishi, xona ichida gaz to‘planishi natijasida portlash, yong‘in bo‘lishi mumkin hamda gaz va is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liq favqulotda vaziyatlar sodir bo‘lishi mumkin.
Is gazi tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, ko‘mir va organik yonilig‘i moddalarning chala yonishidan hosil bo‘ladigan gazdir.

Is gazi inson organizmining nafas yo‘llari va nafas a’zolariga kuchli ta’sir qiladi, markaziy asab tizimini zararlaydi.
Is gazidan zaharlanish uning havodagi konsentratsiyasi va ta’sir muddatiga bog‘liq bo‘ladi. Zaharlanish yengil, o‘rta va og‘ir darajalarda bo‘ladi. Zaharlanish hollarida bosh qattiq og‘riydi, bosh aylanishi, qusish, xushdan ketish yuz beradi hamda nafas olish sekinlashadi, ba’zan o‘limga olib keladi.
Is gazidan zaharlanishda birinchi yordam ko‘rsatish uchun, avvalo, zaharlangan odamni zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur. Nafas olish to‘htab qolganda sun’iy nafas oldirishni boshlash lozim. Agar bemor xushida bo‘lsa, kiyimlarining bo‘yin sohasidagi tugmalarini yechib toza havodan nafas olishiga ko‘maklashiladi. Choy va qahva ichirish tavsiya etiladi.

Afsuski, joylarda gazdan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishiga qaramay, is gazidan zaharlanish holatlari bo‘lib turibdi. Aholi o‘rtasida kuz-qish mavsumida nostandart, avtomatik boshqaruv tizimiga ega bo‘lmagan isitish vositalaridan foydalanish hamda gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari natijasida ko‘ngilsiz holatlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

A.Mamataliyev,

ADTI patologik anatomiya va sud tibbiyoti kafedrasi mudiri,

M.Naumanov, 

ADTI patologik anatomiya va sud tibbiyoti kafedrasi asistenti

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!