alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Jo‘raxon Saidxo‘jayeva: Insonni tarbiyalash mashaqqatli ish

10:33 30.09.2019

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Andijon davlat tibbiyot institutining qaysi o‘qituvchisi, murabbiyi, professoridan bayramoldi dil so‘zlarini olish, shu inson haqida maqola tayyorlash borasida fikrlashdik.
Hozirgi kunda nafaqat viloyatda, balki respublika, hatto dunyo miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘layotgan institutda har qanday maqtovga loyiq, nafaqat maqolalar, balki kitoblar yozishga arziydigan o‘qituvchilar, murabbiy shifokorlar anchagina. Lekin mana shunday salohiyatli jamoaning faxriy ustozlaridan biri, aynan shu jamoada 45 yildan ziyod mehnat qilib kelayotgan, jamoani el salomatligini saqlash va mustahkamlash yo‘lidan olib borayotgan ustozlardan biri, gospital xirurgiya kafedrasining dotsenti Jo‘raxon Saidxo‘jayeva bayram tabrigini aytishga eng munosib murabbiy ekanligini ko‘pchilik e’tirof etdi. Biz mamnuniyat bilan Jo‘raxon opaning huzuriga shoshildik. Barchamiz uchun hurmatli bo‘lgan Ustoz Jo‘raxon Saidxo‘jayeva murabbiylik mas’uliyati, ustozlik sharafi, shogirdlar tayyorlashdagi mashaqqatlar xususida quyidagi fikrlarni bildirdi:
-Men Andijon davlat tibbiyot institutining bugungi o‘quv zallari, amaliy mashg‘ulot uchun tayyorlangan Simulyatsion o‘quv markazi, Axborot-resurs markazida bo‘lib, kutubxonadagi ulkan kitob fondini ko‘rib juda quvondim, bugungi talabalarga havas qildim. Prezidentimiz tomonidan yosh avlodga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, yaratilayotgan shart-sharoitlar biz kattalarni to‘lqinlantiradi, shukronalar aytamiz.
Men Andijon davlat tibbiyot instituining sobiq talabasiman. Instituni tamomlaganimdan so‘ng, mana 45 yildirki, shu dargohda mehnat qilib kelmoqdaman. Dastlabki yillarda ta’lim olishimiz ham, mehnat qilishimiz uchun ham sharoitlar juda og‘ir edi. Bitta kitobni 4-5 kishi navbat bilan o‘qir edik. Talabalarga nimanidir o‘rgatish uchun ne-ne mashaqqatlar chekar edik. Aslida, eng qiyin ish insonni tarbiyalash deb hisoblayman. Chunki talaba mashg‘ulotga turli kayfiyatda keladi. Uni bu holatdan – tushkun yoki loqayd holatdan chiqarish kerak, kelajakka bo‘lgan ishonchini oshirish, zimmasidagi mas’uliyatni tushuntirish zarur.

Biz ta’lim-tarbiya berayotgan talabalar kelajakda shifokor bo‘lib oldiga kelgan bemorni kimligiga, ijtimoiy, iqtisodiy holatiga qarab emas, balki barchasiga birdek – o‘z oila a’zolariga qaragandek mehr bilan qarashi, davolashi zarur. Buning uchun talabada eng go‘zal insoniy fazilatlar mujassam bo‘lishi kerak, biz ustozlar talabaga shu fazilatlarni yuqtira olishimiz kerak.
Bugungi kunda ilmiy ishlarning saviyasi yuqori darajada bo‘lmayapti. Bu masalaga Prezidentimiz alohida e’tibor qaratdi. Men ilmiy ishlarni fundamental – chuqur amaliy taxlil qilingan holda, qator va uzoq vaqt tajribadan o‘tkazilgan holda amalga oshirilishini xohlardim. Ilmiy ish unvon uchun emas, balki hayotga tadbiq etilishi uchun, el-yurtga foydasi tegishi uchun himoya qilinsa yosh olimlarimiz uchun ham ibrat bo‘ladi.
Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, tibbiyot yo‘nalishida kengashlarning alohida o‘rni bor. Rossiyalik taniqli olimlardan biri andijonlik shifokor olimlarga baho berar ekan, klinik limfologiyaning bilimdonlari Andijonda ekanligini alohida e’tirof etgan edi. Shuning uchun yurtimizda faoliyat olib borayotgan yuqori malakali shifokorlar, olimlarni jamlab turuvchi kengashlar faoliyatini yanada jonlantirsak yosh olimlarimiz uchun o‘sish, yangi-yangi yutuqlarni qo‘lga kiritish imkoniyati kengayadi.
Men “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan, avvalo maktablarda, kollejlarda o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berayotgan o’qituvchilarni hamda hamkasblarimni chin dildan tabriklar ekanman, ularga sabr-bardosh, ulkan mehr, sihat-salomatlik tilayman.
Ustozlarimiz hamisha elimiz ardog‘ida bo‘lsin!

ADTI axborot xizmati

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!