“Kitob – aql ko‘zgusi” mavzusida tadbir o’tkazildi

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, yosh avlodni  mutolaaga undash kabi vazifalar olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.  Binobarin, davlatimiz rahbarining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorida ham bu vazifalar keng qamrovda o‘zining aniq ifodasini topgan.

2018-yil 19-dekabr kuni mazkur qarorning ijrosi yuzasidan Andijon shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasining harbiy qismida “Kitob – aql ko‘zgusi” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Andijon davlat tibbiyot instituti Faxriylar kengashi raisi, ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasi professori Odiljon Salohiddinov tashabbusi bilan tashkil etilgan kitobxonlik tadbirida institut yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Abduxalimov, “Tibbiyot gulshani” gazetasi muxbiri M.Atamirzaeva, harbiy hizmatchilar, shahar umumta’lim maktablari o‘qituvchilari va institut talabalari ishtirok etishdi.

“Harbiy vatanparvarlik oyi” munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda professor O.Salohiddinov so‘z olib, kitob va uning ma’naviy ahamiyati to‘g‘risida ma’ruza qildi. Shuningdek, harbiy qism kutubxonasiga professor tomonidan  muallifning “Ayol, ona – buyuk zot”, “Ibratli rivoyatlar va hikmatlar”, “O‘g‘il farzandlar uchun”, “Inson ko‘ngli guldek nozik” kabi kitoblari taqdim etildi.

Tibbiyot instituti pediatriya fakulteti talabalari M.Komilova, M.Sobirjonova, M.Nosirova va O.Isaqjanovlar “Oilada kitobning o‘rni”, “Kitob insonni qanday yashashga o‘rgatadi?” , “Ma’rifat tarqatuvchi fidoyi bo‘lishimiz kerak?” mavzularida qiziqarli ma’ruzalar o‘qishdi.

Harbiy xizmatchilarning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini uyg‘otish, shu bilan birga ularda kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida tashkillashtirilgan mazkur tadbir barchada yorqin taassurot qoldirdi.

222