alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Ko‘ngil burchagi: Biz baxtli bo’lamiz

12:20 24.04.2020

26 APREL — O‘ZBEKISTON XALQ SHOIRI MUHAMMAD YUSUF TAVALLUD TOPGAN KUN

  Muhammad Yusuf 1954-yil 26-aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga keldi. Uning she’rlari xalqimiz yuragidan munosib o‘rin topgan, yettidan yetmishgacha bo‘lgan she’rxonlar tilidan tushmaydi, dillarida aksu sado beradi.  Quyida  Muhammad Yusuf she’rlaridan bir shingil taqdim etamiz.
 Ona tilim
Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu bo‘lak ishni qotirmadim.
Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag‘ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
 
Onam «erkam» deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yo‘q deb zirqirardi bir joylarim,
Parovozni hansiratgan bug‘doylarim,
Oltinlarim, ma’danlarim, ipaklarim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
 
Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,
O‘zbekni qon qaqshatganni o’zbek siylar,
Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,
Topganimiz handalakdek tilim-tilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
 
Kimdir mayda millat bo‘ldi, kimdir katta,
Katta millat — Afandisi yo‘qdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm o‘tsa faqat sendan o‘tdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
 
Sen bo‘lmasang nima bizga silliq she’rlar,
Bu dunyoda tili yo‘qda dil yo‘q derlar,
Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to‘ridagi so‘lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
 
Bir qarasam har shevangda ming jilolar
Har novdangda, har mevangda ming jilolar.
Qodiriylar, Cho‘lponlar-u, Abdullolar,
Sening qaytgan kuning men tug‘ilgan yilim,
Ona tilim, ey muqaddas Ona tilim.
 
Biz baxtli bo’lamiz
 
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo’shilib
Yig’lasharmidik.
Biz baxtli bo’lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
 
Rayhon hidlaringni
Yo’llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko’kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig’lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing –
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..
 
Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O’zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun
Kokillaridan?..
 
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O’rtanma g’amda.
G’iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug’ olamda.
 
Men esa
Oshig’ing sening –
Eng g’arib.
Tundan so’z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
 
Ista,
Tiz cho’kaman
Hozir oldingda.
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
 
Biz baxtli bo’lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!