2019- yil 8- avgust kuni Andijon davlat tibbiyot instituti kengashlar zalida 2019-2020 o’quv yili uchun Magistratura yo’nalishlariga mutaxassislik fanlaridan kirish imtihonlari bo’lib o’tdi. Kirish imtihonlari oldidan institut rektori M.Madazimov magistraturaga hujjat topshirgan abiturientlarga sinovlar adolatli, shaffof va odilona o’tkazilishini ta’kidladi hamda sinov oldida turgan barcha yoshlarga omad tiladi.
Imtihonlar erta tong soat 07.00da boshlandi. Test savollari joylashgan konvertlar talabalar guvohligida ochildi. Jarayonlarni institut rektori M.Madazimov, O’zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Andijon viloyati Kengashi ijrochi kotibi R.Xodjaev, viloyat ko’p tarmoqli tibbiyot markazi vrach-kardiologi A.Tuxtasinov, vrach-nevropatolog S.Xalikovlar kuzatib bordilar.
Imtihonlar Uzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga o’qishga qabul qilish tartibi to’g’risidagi Nizomga asosan o’tkazildi.Bu yil ADTI magistratura mutaxassisliklariga 277 nafar abiturient hujjat topshirgan bo’lib, shundan 201 nafari o’qishga qabul qilinadi. Abiturientlarning javoblari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019- yil 27- apreldagi 360-sonli Qarori bo’yicha belgilangan mezonlar asosida baholanadi.
Test jarayoni 1 soat davom etib, abiturientlar o’zlari tanlagan mutaxassisliklar bo’yicha bilimlarini sinab ko’rdilar. Imtihon jarayoni tartibli, adolatli tarzda o’tkazildi. Bilimli va salohiyatli yoshlarga omad kulib boqishi, shubhasizdir.