2019 – yil 10 – avgust kuni Andijon davlat tibbiyot instituti axborot texnologiyalari zalida 2019-2020 o`quv yili uchun Magistratura yo`nalishlariga xorijiy tillardan kirish imtihonlari bo`lib o`tdi. Imtihonlar erta tongda, soat 7.00da boshlandi. Test sinovlari adolatli, shaffof va odilona tarzda tashkil etildi.
Jarayonlarni institut o`quv ishlari bo`yicha prorektor, professor A.Arziqulov, qabul komissiyasi mas’ul kotibi S.Salaxiddinov, magistratura yo`nalishi mas’uli B.Tursunov, shuningdek, abiturientlarning ota-onalari va yaqinlaridan andijonlik xalq ta’limi xodimi Lolaxon Jalilova va namanganlik o`qituvchi Sardor Mirzaxolovlar kuzatib bordilar.
Test jarayoni 1 soat davom etib, abiturientlar ingliz va nemis tillaridan o`z bilimlarini sinab ko`rdilar. Imtihonlar kompyuterda topshirilib, har bir abiturient o`zi to`plagan ballarini bilib chiqdilar. Imtihonlar O`zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga oqishga qabul qilish tartibi to`g`risidagi Nizomga asosan o`tkazildi.
Bu yil ADTI magistratura mutaxassislik yo`nalishlariga 201 nafar talabgor o`qishga qabul qilinadi. Abiturientlarning javoblari va erishgan natijalari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019- yil 27- apreldagi 360-sonli Qarori bo`yicha belgilangan mezonlar asosida baholanib, o`qishga qabul qilinadi. Imtihon jarayoni tartibli, belgilangan mezonlar asosida o`tkazildi. Qadrli yoshlar! Yuksak bilim, noyob qobiliyat va teran fikrli yoshlarga omad kulib boqishi shubhasizdir.
O`z bilim va salohiyatiga ishongan yoshlarga omad yor bo`lsin!