Mehnatlari ko‘z ilg‘amas bo‘lsada, insonlarga ziyo tarqatuvchi soha xodimlari

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

21 may – Kutubxonachilar kuni

 Kitob nafaqat bilim manbai, balki inson qalbiga ezgulik urug‘ini ekuvchi vosita hamdir. Shu mazmunda ham davlatimiz tomonidan ushbu sohaning rivojlanishiga alohida e’tibor berilib, keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda.

2019-yilning 7-iyun kuni  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qarori qabul qilingan.

Mazkur qarorda  2019-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish konsepsiyasi, sohani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlangan. SHuningdek, respublikamizda 21 may Kutubxonachilar kuni deb belgilanib, bunda kutubxonachilarni ko‘p yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash va rag‘batlantirish belgilangan. Mazkur qaror mamlakatimizda kitobxonlikka e’tibor, kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tabdirlarni yanada jonlantirishda alohida ahamiyatga ega. Kutubxona xodimlarining fidoyi mehnatlari ko‘z ilg‘amas bo‘lsada, insonlarga ziyo tarqatishda ularning ham hissasi katta.

Farg‘ona vodiysidagi yetakchi tibbiyot oliygohi sanalmish Andijon davlat tibbiyot institutining kutubxonasi – Axborot resurs markazi doimo professor-o‘qituvchilar, magistr, klinik ordinator, talabalar va boshqa foydalanuvchilar bilan to‘la. Axborot-resurs markazi shinam, yorug‘ bo‘lib, kerakli zamononaviy jihozlar bilan to‘la ta’minlangan. Ayni paytda institut rahbariyati tomonidan ARMga rizograf xarid qilindi va professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan adabiyotlarni chop etish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi elektron ta’lim joriy etish markazi mutaxassisi tomonidan “ARMAT++” Dasturi  o‘rnatilgan. Hozirgi kunda jami  4737 nafar talabalar markazga a’zo bo‘ldi. SHundan “ARMAT++” dasturining KITOBXON bo‘limiga 3124 nafar talabalar va 5367 nomda adabiyotlarni bibliografik yozuvlari kiritildi.

Axborot-resurs markazi Rossiya Federatsiyasi GEOTAR-Media nashriyoti bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqdi.  Nashriyotdan  2018-2019 yillarda chop etilgan 268 nomda 278 nusxada adabiyotlar xarid qilindi.

Institut kafedralari ehtiyojidan kelib chiqib, GEOTAR-Media nashriyoti bilan hamkorlikda  va o‘quv adabiyotlarni muallifidan ruxsat olgan holda , rus tilidan , o‘zbek tiliga tarjima qilish uchun 69 nomdagi o‘quv adabiyotlar ro‘yxati jo‘natildi.

ARMning elektron bazasida 249366 ta resurslar mavjud. Hozirgi kun talabi bo‘yicha  foydalanuvchilar uchun  on-layn o‘qish munosabati bilan ARM yanada qulayliklar yaratilgan.

Institut veb saytining “ELEKTRON KUTUBXONA” bo‘limiga 590 nomdagi adabiyotlarning elektron shakllari joylangan. Institut rahbariyati tashabbusi bilan  “ELEKTRON KUTUBXONA” bo‘limiga joylangan 250 nomdagi  adabiyotlar axborot texnologiya bo‘limi xodimlari tomonidan  QR-codega  joylashtirilib, foydalanuvchilarga taqdim etilmoqda. Foydalanuvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida  telegrammda  “ADTIARM” kanal ochildi. Ushbu kanalga hozirgi kunda  talabalar a’zo bo‘lmoqda  va  adabiyotlarni elektron shakllari joylashtirib borilyapti.

Elektron resurslari bo‘limiga Science Direct xorijiy ma’lumot bazalari platformalaridan foydalaniladi.  Science Direct  platformasidan yuklab olingan maqolalar soni 162253 dona ( 51.3 GB) ni tashkil qiladi. Xorijiy talabalar uchun yangi turar joy binosida Xorijiy axborot resurslar bo‘limi faoliyat olib bormoqda.

Institut ARM faoliyatini rivojlantirishda markaz direktori M.Ahmedova, bo‘lim mudiri G.Tadjiboeva, etakchi kutubxonachi D.Umurzaqova, uslubchi N.Djalilova, kutubxonachilardan M.Teshaboeva, M.Mannopova va xodima M.Mahmudovalarning fidokorona mehnatlarini alohida e’tirof etish lozim. Jamoaning samarali mehnati bilan joriy yilda ARM kitob fondi    27 057 nomda 218 262 nusxani  tashkil qilmoqda.

Mamlakatimizda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, shuningdek, faol kitobxonlarni taqdirlash masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan. Bugungi kunda turli tanlovlarda ishtirok etayotgan kitobxonlarning, xususan, yosh kitobxonlarning ko‘pligi quvonarli holatdir. Kitobxonlikni rivojlanishida esa kutubxonachilarimizning xizmatlari alohida o‘ringa ega. Ularning kamtarona mehnatlarini kuzatar ekanmiz, ayniqsa, bolalarga olam-olam zavq ulashuvchi kutubxonachilarimizning faoliyati juda samarali deb ayta olamiz.

Soha xodimlarini kasb bayramlari 21 may – Kutubxonachilar kuni munosabati bilan muborakbod etamiz. Ularga o‘z faoliyatlarida ulkan zafarlar, yuqori cho‘qqilarni egallashlariga tilakdoshmiz.

 ADTI axborot xizmati

(Fotolavhalar koronavirus pandemiyasi munosabati bilan e’lon qilingan karantindan avval olingan)

118