N.N.Bloxin nomidagi milliy onkologiya tibbiy tadqiqot markazi mutaxassislari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon filialida bo‘ldilar

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Bugun, 20 – aprel kuni N.N.Bloxin nomidagi milliy onkologiya tibbiy tadqiqot markazi bosh direktorining davolash ishi bo‘yicha o‘rinbosari I.A.Doroshev, markazning ambulator ximiyaterapiya bo‘limi mudiri, professor A.V.Snegovoy, xirurgiya bo‘limi ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori D.A.Ryabchikov, xirurgiya bo‘limi mudiri, kolorektal jarrohlik bo‘yicha mutaxassis V.M.Kulushev hamda  mazkur markaz aspiranti O.A.Talipovlar Respublika ixtisoslashtirilgan  onkologiya va  radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon filialiga tashrif buyurdilar.

Markazning konferensiyalar zalida rossiyalik soha mutaxassislari  tomonidan institut Onkologiya va tibbiy radiologiya  kafedrasi  professor-o‘qituvchilari, VMO va QT fakulteti Tibbiy radiologiya va onkologiya kafedrasi xodimlari, kursantlar, shifokorlar, onkologiya yo‘nalishi magistr va klinik ordinatorlari, bitiruvchi talabalari  uchun   ma’ruzalar  o‘qildi.

Tajribali mutaxassislar V.M.Kulushev “To‘g‘ri ichak o‘sma kasalliklarida zamonaviy innovatsion jarrohlik usullari”, D.A.Ryabchikov “Sut bezi saratonini jarrohlik usuli bilan davolashda limfadeseksiyaning ahamiyati”, A.V.Snegovoy “O‘sma kasalliklarida  zamonaviy  kimyoterapiya” mavzularida ma’ruza qildilar.

Kuni- kecha ular markazning ximiyaterapiya bo‘limida 40 nafar, poliativ yordam bo‘limida 30 nafar, ambulator sharoitda davolanayotgan 25 nafar bemorni ko‘rib, zarur tavsiya va maslahatlarini bergan edilar. Shuningdek, sut bezi radikal mastoektomiyasi implant bilan mammoplastika, Kolostomani plastik usulda bartaraf qilish, sirkulyar tikuvchi apparatda dessendo-sigmoanastamoz qo‘yish, sut bezi radikal rezeksiyasi innovatsion limfodiseksiya bilan, qorin oldi devori hosilasini olib tashlash, allogernioplastika bilan murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdilar.

Bugun ham rossiyalik shifokorlar bemorlar ko‘ruvida qatnashib, 20 dan ziyod bemorga va hamkasblariga o‘zlarining tibbiy ko‘rsatma va tavsiyalarini berdilar. Bundan tashqari, rossiyalik  amaliyotchi onkologlar sut bezi radikal  mastoektomiyasi rekonsruktiv eksponder qo‘yish usuli, transanal mikrojarrohlik usuli bilan bemorlarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdilar.

Onkologik kasalliklar erta bosqichlarida aniqlangan bemorlarda o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlarida rossiyalik mutaxassislar bilan birgalikda ADTI onkologiya va tibbiy radiologiya kafedrasi xodimlari faol ishtirok etdilar.

733