
Buyuk shoir, mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Аlisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi asrlar osha avlodlarga ma’naviy va adabiy ozuqa sifatida yetib bormoqda. Uning asarlari nafaqat xalqimiz balki, jahon adabiyoti tarixidan ham muhim o‘rin egallagan.
Bugun, 8-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida so‘z mulkining sultoni mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan “Navoiy ziyosi” nomli adabiy-badiiy tadbir bo‘lib oʻtdi.
Tadbir avvalida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov Alisher Navoiyning shoh asarlari, nodir devonlari, betakror g‘azal va dostonlari bilan bashariyat tamadduni va adabiyotiga beqiyos hissa qo‘shganligini e’tirof etdi. Alloma qalamiga mansub, yuksak mahorat va betakror so‘z san’ati ohangida yaratilgan, ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bebaho ijod namunalari asrlar osha o‘z mazmun va sayqalini yo‘qotmay, ulkan ma’naviy meros va adabiyotimiz gultojiga aylanganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, O‘zbek tili va adabiyoti, tillar kafedrasi o‘qituvchilari mir Аlisher Navoiyning avlodlarga qoldirgan boy ijodiy merosi haqida aytib o‘tdi va durdona asarlaridan namunalar ijro etdi. A.Navoiy dostonlarini chuqur oʻrganish, ularda ilgari surilgan umuminsoniy gʻoyalarni yoshlar orasida keng targʻib qilish, Navoiy asarlari orqali yoshlarda Vatanga muhabbat hissini shakllantirish lozimligi taʼkidlandi.
Tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan shoirning ijodiy merosidan namunalar va sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Iqtidorli talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiq va raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.