
Hindistonlik Muralidharan Karayadath bu yil 60 yoshni qarshiladi. Bugun u uchun hayajonli kun boʻldi. Mana shu ulugʻ yoshda Muralidharan oliy maʼlumotli shifokor boʻldi.
Bugun, 16-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot instituti bitiruvchi bosqich xorijiy talabalarning bitiruv oqshomi boʻlib oʻtdi.
Unda Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor F.Rasulov, Xorijiy talabalar bilan ishlash fakulteti dekani Gʻ.Saliyev, professor-oʻqituvchilar, tyutorlar va bitiruvchi talabalar va ularning ota-onalari ham ishtirok etdi. Tadbir avvalida prorektor tomonidan institut rektori M.Madazimovning tabrik soʻzi oʻqib eshittirildi.
Maʼlumot oʻrnida, bu yil Andijon davlat tibbiyot institutini 62 nafar xorijiy talabalari yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirib, 6 yillik MBBS dasturini yakunlashdi. Talabalardan 55 nafari pokistonlik, 4 nafari hindistonlik va 3 nafari Janubiy Koreyalik hisoblanadi.
Bugungi tadbir koʻtarinki ruhda oʻtdi. Talabalarga ustozlar tomonidan ezgu tilaklar bildirildi. Soʻng katta ishonch bilan ularga bakalavrlik diplomi topshirildi.
Biz ham bitiruvchi xorijlik talabalarimizni bugungi unutilmas kun bilan muborakbod etamiz. Kelgusidagi faoliyatlarida ulkan yutuqlarga erishib institutimiz ravnaqiga katta hissa qoʻshishadi deb umid bildiramiz! Omad sizga, bitiruvchilar!