alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

O‘ZBEKISTON KORONAVIRUSGA QARSHI EMLASH DASTURIGA QO‘SHILDI

15:45 25.08.2020

Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va tarqatish bo‘yicha “COVAX” xalqaro mexanizmiga 172 davlat qo‘shildi. Ayni paytda JSST portfelida koronavirusga qarshi 9 ta vaksina mavjud ekani aytilmoqda.
Yana bir yangilik, JSST va uning Evropa mintaqaviy byurosining faol a’zosi sifatida O‘zbekiston ham tashkilotning koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo‘shildi. Ma’lum qilinishicha, tashkilot barcha vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu mexanizm barcha a’zo mamlakatlarning litsenziyalangan va tasdiqlangan vaksinalardan teng foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.


Ma’lumot uchun, O‘zbekiston JSST Evropa mintaqaviy byurosiga a’zo bo‘lgan 53 davlatdan biri bo‘lib, tashkilot bilan ko‘p tomonlama hamkorlik qilib keladi. Tashkilotning 69-sessiyasida uning direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge o‘zining ilk rasmiy xorijiy tashrifini 2020-yil 10-fevral kuni aynan O‘zbekistondan boshlaganini alohida ta’kidlash lozim.
Shuningdek, 2019-yilning 20-may kuni bo‘lib o‘tgan JSSTning oliy organi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining JSST Evropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylangan.
Ushbu keng ko‘lamli hamkorlik ayni vaqtda koronavirusga qarshi kurash masalasini ham qamrab olgan. Hozirda JSST Evropa mintaqaviy byurosining vaqillari Oleg Storojenko va Tanya Shmid yurtimizda bo‘lib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi