alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

REKTOR BOʼLАJАK TАLАBАSINING HOLIDАN XАBАR OLDI

21:05 25.05.2021

Xabaringiz bor, shu yilning 14-may kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida boʼlib, u yerda davolanayotgan bolajonlar holidan xabar olgan edi.

Uchrashuv chogʼida 2003-yilda tugʼilgan, markazda chap tizza boʼgʼimi sinovial sarkomasi tashxisi bilan davolanayotgan andijonlik Roziyaxon Bozorboyeva Аndijon davlat tibbiyot institutiga kirishni orzu qilishini aytgan edi.

Prezidentimiz uning orzusini amalga oshirish uchun tegishli mutasaddilarga topshiriq berib, Roziyaxon uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilishni tayinlagan edi.

Kuni kecha Sogʼliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari va Аndijon tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov Roziyaxon Bozorboyevaning ahvolidan xabar olish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida boʼldi.

Rektorning Roziyaxonga topshirgan maktubida institut jamoasi uni yangi oʼquv yilidan oliy oʼquv yurti binosida kutishlari, uning taʼlim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Shuningdek, R. Bozorboyevaga oʼqishga tayyorgarlik koʼrish uchun onlayn repetitor ajratildi. Endi Roziyaxon muassasada davo muolajalari olish bilan birga kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot fanlaridan mashgʼulotlar bilan shugʼullanishi ham mumkin.

Sogʼliqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati