alexa
Welcome to Андижанский государственный медицинский институт   Click to listen highlighted text! Welcome to Андижанский государственный медицинский институт

Bayram shukuhi: “Men talaba bo‘ldim!”

14:46 04.09.2019

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 28 yilligi tantanalari yurtimizning har bir go‘shasi, korxona, tashkilot, o‘quv yurtlarida ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Andijon davlat tibbiyot instituti ham bayram shukuhida.

2019 yil 4 sentyabr kuni institutning asosiy binosi yanada chiroy ochdi, bayramona bezandi. Talabalar, ustozlarning yuzida kulgu, o‘zaro yangi o‘quv yili qutlovlarini qabul qilishmoqda. Ayniqsa, institutga yangi qabul qilingan – 1-kurs talabalarining qalbidagi hayajon “Men talaba bo‘ldim!”, — degandek dadil qadam tashlashida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Institutning 1-kurs talabalarini kutib olish tantanali marosimi dillardagi quvonchga quvonch qo‘shdi. Institut rektori, professor Madaminjon Madazimov bayram ishtirokchilari va 1-kurs talabalarini yangi o‘quv yili bilan tabriklar ekan,  institut jamoasining o‘tgan o‘quv yilida erishgan yutuqlarini alohida e’tirof etib o‘tdi.

Institut talabalaridan Husnigul Muhtorjonova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, davolash fakulteti talabasi Abdurashid Rustamjonov Ibn Sino  davlat stipendiyasi,  pediatriya fakulteti talabasi Gulmira Inomova Islom Karimov  davlat stipendiyasi, davolash fakultetidan Mehrinoz Komilova O‘zbekiston Vrachlar assosiatsiyasi stipendiyasi sohibalari bo‘lganliklarini faxr bilan tilga olib o‘tdi.
Bayram tadbirida so‘z olgan professor Zuhriddin Salohiddinov talabalik baxtiga erishgan yoshlarga oldinda shifokorlik burchini bajarishdek mas’uliyatli vazifa turganini uqtirib o‘tdi. Bu sharafli burchni bajarish uchun esa o‘z kasbiga sidqidildan mehr qo‘yish, astoydil o‘qish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan bayram tadbirida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari ham o‘z tabriklari bilan ishtirok etishdi.

Bayram tadbirining badiiy qismida institutning iqtidorli talabalari – respublika va  xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari o‘zlari tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha egallagan malaka va ko‘nikmalari asosida ajoyib ko‘rinish namoyish etdilar. Institut talabalarining iste’dodli talaba yigitlari ijro etgan “Andijon polkasi” raqsi barchani raqsga chorladi.

Institut prorektori Abdupatto Asxanov 1-kurs talabalariga guruh rahbarlari va mas’ullarni tanishtirgach talabalar sinfxonalari tomon yo‘l olishdi.

Yangi 2019/2020 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan institutning klinikasida ham bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institutning ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektori, professor G‘ulomiddin Xodjimatov barchani Mustaqillik bayrami hamda yangi o‘quv yili bilan qizg‘in tabrikladi.

Shuningdek, tadbirda professor-o‘qituvchilardan J.Saidxo‘jayeva, O.Salohiddinovlar so‘zga chiqib, yangi o‘quv yilida amalga oshirilishi zarur chora-tadbirlar, rejalar bilan tanishtirib o‘tishdi, barchaga yangi-yangi zafarlar tiladilar.

Mana, shunday bayramona tadbir institutning 2-o‘quv binosida ham bo‘lib o‘tdi. ADTI talabalari bayramona kayfiyat bilan yangi o‘quv yilining birinchi darsiga yo‘l olishdi.

An’anaga ko‘ra, yangi o‘quv yilining birinchi darsi “Mustaqillik darsi” bo‘ldi. Institutning keng va yorug‘ ma’ruzalar zallari, “Kengashlar zali”da institutning faxriy ustozlari, professorlar talabalarga ajdodlarimiz orzusi bo‘lgan Mustaqilligimizni yana mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimiz yoshlariga berilayotgan e’tibor, talabalar oldida turgan muhim vazifalar yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.

“Men talaba bo‘ldim!” deya faxr bilan ADTIga qadam qo‘ygan 1-kurs talabalarining ilk kuni unutilmas lahzalarga boy bo‘lganiga ishonamiz.
Sizlarga ulkan yutuqlar tilaymiz, aziz talabalar!

Odiljon KARIMOV,

ADTI matbuot kotibi      

Перейти к содержимому aasaaasaasas Click to listen highlighted text!