alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

SEN MILLAT G’URURISAN – ONA TILIM

15:01 19.09.2020

21-oktabr – O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

 “Dunyoda millatning  borligini bildiradigan oynai

hayoti bu uning tili va adabiyotidadir”

         Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi,   orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o’z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’min etadi. Har bir millatning o’z Vatani, oilasi bo’lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo’ladi. Inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo’lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo’ladi. Hattoki, go’dak ham o’z vatanini, ota-onasini, dunyoni o’z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o’rni beqiyos bo’lganidek, insonning hayotda o’z o’rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o’rni ulkan ahamiyatga ega. Shu bois tilni, onaga qiyoslab ona tili deb ataydilar. Til inson vujudida qon-qoniga singib oqadi. Jamiki, ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg’u, mehr-muhabbat alanga oladi. Turk dunyosining buyuk marifatparvar ijodkori Ismoilbek Gaspirali aytganidek :  “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug‘urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”.

Suvsiz daryo bo’lmaganidek, tilsiz millat ham vujudga kelmaydi. Biror millatga mansub bo’lgan til, o’sha millat bilan yashaydi va bardavom bo’ladi.      Ota-bobolarimiz qadimdan tilni asrab avaylashgan, rivojlantirishgan. Masalan,     A.Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Lutfiy va boshqalar. O’zbek tilining rivoji uchun beqiyos hissa qo’shganlar. Turkiy tillar oilasiga mansub bo’lgan o’zbek tilimiz bizning bebaho boyligimizdir. So’z mulkining sultoni,buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zi yashagan murakkab davr – XV asrda tilimiz ximoyasiga otlanib, turkiy til o‘z imkoniyatlari jihatidan boshqa tillardan sira qolishmasligini ilmiy va amaliy jigatdan isbotlab berdi. O‘zining “Hamsa” kabi shoh asarini turkiy tilda yaratdi. Hozirda ham shoirlarimiz o’zbek tilining boyligini, uning buyukligini namoyon etuvchi asarlar yaratmoqdalar. Boisi buyuk adabiyoti bo‘lgan xalqning buyuk tili ham bo‘ladi. Insonnig qanday ma’naviyatga ega ekanini uning tilida, chiroyli nutqida namoyon bo’ladi. Til millatning buyuk boyligi, bebaho xazinasi, tuganmas mulkidir. Chunki millatning tarixi, uning madaniy, ma’naviy merosi, urf-odatlari va an’alari unda mujassam bo’ladi. Shu sababli ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to’liqligicha yetkazishimiz kerak. Birinchi Prezidentimizning ta’bri bilan aytganda “O’zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o’rtasidagi ruhiy-milliy bog’liqlik til orqali vujudga keladi”. Bu fikrlarni doimo yodimizda tutishimiz kerak. Darhaqiqat, tilsiz millat rivojlanmaydi, taraqqiy etmaydi.
Institutimiz jamoasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining o’zbek tilining davlat titi sifatida qo’llanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo’llab-quvvatlash, o’qitish metodikasini takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturining bajarilishi bo’yicha bir qator tadbirlarni amalga oshirishni ko’zda tutilmoqda.

Shu jumladan institutimiz miqyosida davlat tiliga bo‘lgan hurmat va ehtirom har bir jabhada sezilib turadi. Rasmiy ish qog‘ozlari imloviy savodxonlik talablari asosida yuritiladi. Har bir tadbir milliy tilimizga bo‘lgan hurmat asosida mazmunli tashkil qilinadi. O‘zbek adabiy tilining boy imkoniyatlari asosida ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlari tahrirdan o‘tkaziladi. Davlat tiliga bo‘lgan bunday muhabbat institutda tahsil olayotgan talaba-yoshlarda milliy g‘ururimizni, o‘zligimizni qalban his qilish yo‘lidagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarimizning in’ikosi hisoblanadi. Millatimizning milliyligini amalga oshirishdagi ko‘p yillik orzular bugungi kunda o‘zligini namoyon qilmoqda. Tilimizning tarovati-yu nafosatini, imkoniyati-yu salohiyatini e’tirof etish bilan birga ta’limiy, ma’naviy ishlarimizni yanada boyitish borasida mehnat qilaveramiz. Zero, shu asosda o‘z vatanparvarlik burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat va an’analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida boyitishga, taraqqiy etgan tillar qatoriga qo‘shishga harakat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lishi kerak.

M.Qo’ziboyeva

ADTI O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!