alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Shifokorning ko‘zyoshi

10:01 23.01.2020

Ko‘ngil burchagi. Hikoya

 Ravshanbek hovliga kirishi bilan dadasi – Rahmon akaga duch keldi.
– Assalomu-alaykum, dada, yaxshimisiz? – dedi bazo‘r.
– Vaalaykum assalom. Keldingmi, o‘g‘lim, ishlaring yaxshimi?
– Rahmat, yaxshi. Ravshanbek dadasidan ko‘zini yashirgandek bo‘ldi. Bu esa, otaning gumonlarini yana alangalatdi. O‘g‘liga nima bo‘lyapti?! Sog‘lig‘i yaxshimikin?! Shu xayol bilan turgan edi, yoniga ayoli Salima opaning kelib qolganini sezmay qoldi.
– Onasi, o‘g‘ling 2-3 kundan buyon kayfiyatsiz yuribdi-da, yana kelin bilan g‘ijillashib qoldimi?
– Yo‘g‘-e, nima deyapsiz, kelin bilan ancha bo‘ldi kelishib olishgan, ko‘z tegmasin. Kelin ham Ravshanbekning «xarakteri»ni tushunib oldimi, janjallashmay qo‘yishganiga ancha bo‘lgan.
– Nega unda bir narsasini yo‘qotib qo‘ygan odamdek gangib yuribdi?! Bor so‘rachi, nima bo‘lyaptikin?!, – deb baqirib yubordi Rahmon aka. Salima opa eridan buni kutmagan edi, shuning uchun jerkinib:
– Iye, nega baqirasiz, men qaydan bilaman?! O‘zingizning o‘g‘lingiz, mendan ko‘ra siz yaqinroqsiz, necha yil birga ishladingiz, boring, o‘zingiz so‘rang?! Bu doktorlar bilan yashash qiyin ekan-da?! Hammasini doktorga ko‘rsatish kerak, – Salima opa yana nimalardir deya g‘o‘ng‘illab oshxona tomon yurdi. Salima opa to‘g‘ri aytdi, Ravshanbek doimo otasining yonida yuradi. Shifokorlikni ham otasiga havas qilib tanlagan, institutda o‘qib yurgan chog‘laridayoq otasining yoniga – Shifoxonaga yugurardi. Shifoxona Ravshanning ikkinchi uyi bo‘lib qolgan, doimo ochilib yuradi, bemorlarni o‘z yaqinlaridek kutib oladi, kuzatadi, hamkasblari esa opa-singil, aka-ukalari. Rahmonjon aka nafaqaga chiqqanidan so‘ng uni bo‘lim boshlig‘i etib tayiinlashdi. Xotini – Yorqinoyni ham shu Shifoxonadan topgan – o‘zining bemori. O‘shanda juda qiziq bo‘lgan edi, Ravshanbek ukol qilayotganda Yorqinoy yig‘lab yuborgan: “Meni o‘g‘il bola ukol qilmasin!”, – deb Ravshanbek bilan yaxshigina janjallashgan edi. Ravshanbek avvaliga juda achchiqlandi, lekin, keyin mana shu “janjalkash bemorni” sevib qoldi. “Shu qizdan boshqasiga uylanmayman”, – deb turib oldi. Mana hozir uch nafar farzandning ota-onasi bo‘lishsa ham ko‘zlarida sevgi yonib turadi, garchand, tez-tez “janjallashib” turishsada.
Kechki ovqat uchun dasturxon yozildi. Ravshanbekdan boshqa hamma dasturxon atrofida. Rahmon aka keliniga:
– Ravshanni chaqirmaysizmi? – dedi. Yorqinoy odaticha kulib:
– Qorni to‘q ekan, oshnalari bilan ovqatlanib kelibdi, – dedi.
– Qizim, uch kundan buyon Ravshanning kayfiyati yo‘q. Boring, xotinga o‘xshab so‘rab ko‘ring-chi nima bo‘lyaptikin?
Qaynotasining: “…uch kundan buyon Ravshanning kayfiyati yo‘q” degan gapi Yorqinoyni xushyor tortirdi. Indamaygina uyi tomon yurdi. Ravshan kompyuter yonida o‘tirardi, kompyuter esa o‘chiq. Yorqinoy avvaliga nima deyishini bilmay turdi. Keyin, haqiqatdan ham, Ravshan oxirgi kunlari kichik farzandi – Botirjonni quchoqlab ko‘zlari yoshlangan holda, o‘chiq kompyuter oldida o‘ychan, homush o‘tirganiga ko‘zi tushayotganini esladi.

Gapni nimadan boshlashni bilmay:
– Dadasi, ovqatga chiqasizmi, dadam chaqiryapti, – dedi.
– Yo‘q. O‘zlaring ovqatlanaveringlar. Yorqinoy sekingina Ravshanbekning oldiga bordida, erining yuziga qaradi. Ravshan yig‘layotgan edi.
– Ravshan aka, nima bo‘ldi?! Ravshan ko‘z yoshlarni artgan bo‘lib:
– Hech nima, biroz boshim og‘riyapti, shamollabman, shekilli, – dedi.
– Menga aytsangiz yengil tortasiz, nima bo‘ldi, ayting? Yorqinoy qo‘lini erining elkasiga qo‘ydi. Kimdandir shu so‘zni kutib turgandek, Ravshan Yorqinoyni quchoqlab oldida, o‘ksib-o‘ksib yig‘lay boshladi. Yorqinoy “janjalkash” eridan buni kutmagan edi, qo‘rqib ketdi, so‘zsiz qotib qoldi. Ravshan yig‘i aralash:
– Qobil tog‘am o‘lib qoldi, – dedi.
-Qaysi Qobil tog‘a…, – so‘radi Yorqinoy hayrati oshib.
– Men operatsiya qilgan tog‘a – Qobil tog‘a o‘lib qoldi, – dedi Ravshan bo‘g‘zidagi yig‘i bilan…
O‘g‘lining holidan xavotir olgan ota kelinining ortidan ergashib kelgan edi. O‘g‘lining: “Qobil tog‘am o‘lib qoldi”, – degan gapini eshitdiyu, gap nimada ekanligini tushundi.
Qobil tog‘a Ravshanbekning bemori – anchadan buyon Shifoxonaga kelib-ketib turardi, uni Rahmonjon aka ham yaxshi taniydi. Ravshanbek yaqinda otaxonni operatsiya qilish borasida maslahatlashgan edi: “Yoshi ulug‘, operatsiyani ko‘tara olarmikin?”, – degan edi. Demak…
Rahmon aka o‘g‘liga rahmi keldi, ichi achishdi. Aslida, o‘g‘li: “Shifokor bo‘laman”, – deganida qattiq qarshilik qilgan edi. Shifokorning mashaqqatli mehnatini, uyqusiz tunlarini o‘g‘liga ravo ko‘rmagan edi. Hozir o‘g‘li iztirobda. Bu holat Rahmon akaga tanish – ish faoliyatini boshlaganida u ham shu holga tushgan edi.
Hozir Ravshanga oson emas, har qanday so‘z unga dalda bera olmaydi. Lekin Rahmonjon aka qalbida qandaydir yengillikni his qildi: uning o‘g‘li – uning hamkasbi o‘zidanda yaxshi shifokor bo‘libdi. Buni uning bir bemor uchun to‘kayotgan ko‘zyoshlari ko‘rsatdi. Ravshanning ko‘zyoshida Shifoxonada yana bir fidoiy shifokor kamol topganini ko‘rib Rahmon akaning ko‘ngli taskin topdi.

 Odiljon Karimov, jurnalist.

Ko‘ngil burchagi

ADTI.uz saytining aziz muxlisi, saytimizga tashrifingizdan mamnunmiz! Biz bilan o‘tkazayotgan vaqtingizni foydali va mazmunli o‘tishi uchun “Ko‘ngil burchagi” nomli rukn tashkil etishga jazm etdik. Mazkur ruknda hikmatlar, she’r, lirik lavha, hikoyalar berib bormoqchimiz. Qolaversa, Siz ham “Ko‘ngil burchagi”da ko‘ngilingizda asrab yurgan dil so‘zlaringiz, she’r, hikoya, hayotingizni tubdan o‘zgartirib yuborgan voqea, hodisa haqidagi ijodiy ishlaringiz bilan ishtirok etishingiz mumkin.
Biz ishonamizki, Sizda “Ko‘ngil burchagi”da aytmoqchi bo‘lgan dil so‘zlaringiz anchagina!
Qo‘ng‘iroq qilish uchun telefon raqamimiz: +99895 203 80 69
Biz Sizni kutamiz!

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!