alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Shifokor maslahati: Koronavirus haqida ma’lumot

10:00 08.04.2020

Koronaviruslar – viruslar oilasiga mansub «Atipik zotiljam» (SARS) kasalligini chaqiruvchisiga o‘xshab ketuvchi virus bo‘lib, bemorlarda oddiy shamollashdan to o‘tkir og‘ir respirator sindrom (TORS) deb nomlanuvchi og‘ir kechuvchi kasallikni keltirib chiqaradi. «Atipik zotiljam» kasalligi ham 2002 yilda Xitoyda kelib chiqqan bo‘lib, 37 davlatga tarqalgan va 8 mingdan ortiq kishi kasallangan edi.
Yangi koronavirusning xususiyatlari hozirgi kunda dunyoning ko‘plab laboratoriyalarida o‘rganilmoqda. Yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi va sust namoyon bo‘luvchi umumiy zaharlanish belgilari bilan kechuvchi o‘tkir respirator kasalliklar guruhiga kiradi.
Ushbu virus tashqi muhit ta’siriga va zararsizlantiruvchi vositalarga nisbatan chidamli. Hozircha ushbu kasallikni davolash uchun maxsus dori vositalari yo‘qligi sababli, boshqa viruslarga qarshi qo‘llaniladigan vositalardan foydalanilmoqda. Kasallik  xastalangan odamlardan havo-tomchi hamda maishiy muloqot yo‘li bilan yuqadi.

Bemorlarda umumiy holsizlik, tumov, yo‘tal, bosh og‘rishi, tomoqda og‘riq, tana haroratining ortishi, bronxit, zotiljam kuzatilmoqda. Xorijlik mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, koronavirus keltirib chiqargan kasallikning gripp kasalligidan farqi shundaki, ushbu kasallik asoratlar bilan o‘tish ehtimoli yuqori, chunki hozirgi kunda ushbu virusga qarshi odamlarda himoya qobiliyati (immuniteti) rivojlanmagan.
Kasallik koronaviruslar tomonidan chaqiriladi. Virusning tashqi qobig‘i vorsinkalar bilan qoplangan. Bu vorsinkalar orqali virus hujayraga birikadi. Virus hujayra ichiga kirgach, 4-5 soatdan so‘ng, ko‘plab  virionlarni tashkil hosil qiladi.
Asosiy infeksiya  manbai  yovvoyi va  uy hayvonlari  hamda  bemor odam hisoblanadi. Kasallik havo tomchi yo‘li orqali yuqadi. Ushbu kasallikka qarshi  bugungi kunda vaksina ishlab chiqilmagan. Kasallik infeksiyasi kuzning  oxiri, qish va bahorning boshlarida  ko‘p uchraydi. Bu virus  kattalarda  yuqori nafas yo‘llarini, bolalarda esa o‘pka hamda bronxlarni zararlaydi.
Kasallik klinikasi  virus yuqqandan so‘ng 2-4 kun o‘tgandan keyin namoyon bo‘ladi.  Kasallikning yashirin davri ham 2-4 kun. Ko‘pincha koronavirus  infeksiyasi  o‘tkir pnevmoniya bilan asoratlanishi mumkin. Kasallik og‘ir kechishi mumkin  bo‘lgan guruhlarga  homilador ayollar, tug‘ishdan keyingi davrdagi  ayollar, bolalar va katta yoshdagi odamlar (ikki yoshdan kichik va 65 yoshdan yuqori), ortiqcha vaznli bemorlar hamda  surunkali  kasalliklari mavjud  bemorlar (o‘pka  kasalliklari, bronzial astma, surunkali bronxit, yurak qon tomir kasalliklari, qandli diabet va boshqalar). Kasallikda o‘z-o‘zini davolash xavfli bo‘lib, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Antibiotiklar ta’sir qilmaydi. Faqat shifokor tomonidan  virusga qarshi maxsus preparatlar yordamida  davolanadi.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan kasallikning tarqalishini oldini olish maqsadida aholiga qo‘lni sovunli suv bilan yuvgandan so‘ng spirt bilan ishlov berishni, yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunni ro‘molcha bilan yopishni, shamollash belgilari bo‘lgan bemorlar bilan yaqin muloqotda bo‘lmaslik, yo‘tal, isitma, nafas olish qiyinlashganda tezlik bilan shifokorga murojaat etish lozimligi tavsiya etilmoqda.

Hozirgi kunda har qanday bemor uyda aniqlanganda, bemor yotgan xonalar, foydalangan jihozlar, idish-tovoqlari xlor saqlovchi vositalari yordamida yoki qaynatish bilan zararsizlantiriladi. Organizmning infeksiyaga qarshi kurashuvchanligini oshirish maqsadida vitamin va oqsillarga boy bo‘lgan mahsulotlarni, piyoz, sarimsoq, sitrus mevalar, na’matak mevalaridan tayyorlangan damlamalar iste’mol qilish lozim. Kasallik yuqmasligi uchun, jamoat joylarida dokadan tikilgan niqob yoki bir martalik respiratorlarni taqish tavsiya etiladi.
Kasallikni oldini olish uchun hayvonlar bilan savdo qilinayotgan bozorlarga tashrif buyuruvchilar  muntazam umumiy gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilish, har bir muloqotdan so‘ng  qo‘lni sovunlab yuvish tavsiya etiladi, yuvmasdan qo‘l bilan  yuz, og‘iz va burunni ushlash man etiladi.
Atrofdagi chiqindilar,  ochiq maydonlarda tuproqlar, hayvon chiqindilari bilan ifloslangan joylardan yiroq yurish, pishirilmagan va chala pishirilgan hayvon go‘shti hamda ularning mahsulotlarini iste’mol qilmaslik talab etiladi. Umuman, xom go‘sht, sut va hayvon ichki a’zolari mahsulotlari bilan muloqotda  ehtiyot choralari ko‘rilishi shart.
Shuni ta’kidlash lozimki, nafaqat koronavirus, balki barcha yuqumli kasalliklarning oldini olishning eng samarali usuli, bu shaxsiy va jamoat gigienasi qoidalariga qat’iy amal qilish, aholi o‘rtasida, sanitariya targ‘ibot ishlarini tashkil etishdan iboratdir.

                                          Dildoraxon MIRZAKARIMOVA

ADTI Yuqumli kasalliklar  kafedrasi mudiri, dotsent.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!