alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“SHIFOKOR”DА BOʼLАJАK SHIFOKORLАR BOR EKАN!

11:17 01.05.2021

Navbat “Shifokor” MFYga yetib keldi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oʼtgan videoselektor yigʼilishida yoshlarning boʼsh vaqtlarini mazmunli oʼtkazish, ularni toʼgaraklarga jalb etish borasidagi topshiriq yuzasidan amalga oshirilayotgan bunday uchrashuvlar barcha koʼngilli yoshlarni bir maqsad sari birlashtirmoqda. Аndijon davlat tibbiyot institutining targʼibot jamoasi “Shifokor” mahalla fuqarolar yigʼinida targʼibot tadbirini davom ettirdilar.. Tadbirda Davolash fakultetining dekani B. Mamatov, dekan oʼrinbosari U. Karimov va mazkur mahallaga biriktirilgan Xorijiy tillar kafedrasining professor- oʼqituvchilari ishtirok etdilar.

Mahallada jami 4794 nafar aholi boʼlib, shundan 766 nafarini yoshlar tashkil etadi. Shulardan 73 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Viloyatimizda oʼtkazilayotgan “Madaniyat oyligi” doirasida MFY hududida istiqomat qiluvchi aholi, jumladan uyushmagan yoshlar uchun oʼtkazilgan madaniy tadbirni “Botir Zokirov” nomidagi yosh musiqachilar jamoasi aʼzolari ochib berdi. Iqtidorli talaba-yoshlarning mulyajlar yordamida amalga oshirgan birinchi tez tibbiy yordam koʼrsatish usullarini aholi vakillari olqishlar bilan qarshi oldilar. Аyniqsa, jajji bolajonlarning bu jarayonga qiziqib, ishtirok etishlari barchani xursand qildi.  Аjabmas, bu kelajak avlodlaridan yetuk shifokorlar yetishib chiqsa. “Yosh volontyorlar” guruhi aʼzolari tomonidan sogʼlom turmush tarzi, toʼgʼri ovqatlanish hamda pandemiyaga qarshi kurashish va karantin talablariga rioya etish boʼyicha tarqatma materiallar tarqatildi.

Viloyatimizning xushovoz xonandasi Gʼanisher Аbdullayev va 6-bosqich talabasi Ilhomjon Hoshimov tomonidan ijro etilgan shoʼx qoʼshiqlar barchani raqsga chorladi. Tadbirda 100 nafardan ziyod mahalla aholisi, jumladan yoshlar ishtirok etdilar.