2019-yil 7-may kuni talabalar va magistrlarning tibbiy bilimlarini hamda pedagog-o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish maqsadida Slovakiya davlati Pavel Jozef Safarik nomli Koshitsa universitetidan Andijon davlat tibbiyot instituti o‘quv jarayoniga jalb etilgan professorlar Slavka Tomasikova va Renata Timkovalar institut rektori M.Madazimov bilan uchrashdilar.
Suhbat avvalida institut rektori slovakiyalik professorlarning tashrifidan, ularni hamkorlikda dars jarayonlarida qatnashib qimmatli fikr va maslahatlarini berayotganligidan mamnunligini izhor etdi. O‘z o‘rnida slovakiyalik professorlar institutda ingliz tilini o‘rgatish darajasi yuqori, shuningdek, pedagog- o‘qituvchilar va talabalarning til o‘rganishga qiziqishlari katta ekanligini ta’kidladilar. Jumladan, professor S. Tomasikova o‘z fikrlarini shunday bildirdi:
– Pedagog-o‘qituvchilar bilan suhbatlashdik, fikr almashdik. Institutdagi o‘quv jarayoni bilan tanishdik. O‘qituvchilarni tibbiyotda ingliz tilini o‘rganishi, darslarni ingliz tilida olib borishi murakkab, lekin muhim jarayon. Ularning bilim darajasini yanada oshirish lozim. Bunda albatta yaqindan yordam beramiz. Kelgusida hamkorlik natijalari yaxshi va samarali bo‘lishiga ishonaman. Shuningdek, Andijonning mehmondo‘st, bag‘rikeng va ochiqko‘ngil xalqidan, bizga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat-ehtiromdan juda mamnunman.
Suhbat jarayoni qiziqarli va do‘stona ruhda bo‘ldi. Professorlar Slavka Tomasikova va Renata Timkovalar tibbiyotda ingliz tilini o‘rganish, darsliklar bilan ta’minlanishi, pedagog-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, tajriba almashish xususida o‘zlarining fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdilar.Shuningdek, kelgusidagi rejalar, yangi loyihalar bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar.
Kunning ikkinchi yarmida slovakiyalik mehmonlar institut kengashlar zalida 9- May – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etdilar. Mazkur tadbir Tillar, pedagogika va psixologiya kafedrasi o‘qituvchilari G.Daminova va Yu.G’ofurova hamda talabalar tomonidan tashkil etildi. Тadbirni davolash fakulteti dekani B.Mamatov ochib berdi.
Tadbir yakunida talabalar va slovakiyalik professorlar o‘rtasida chet davlatlarga chiqish, Slovakiya davlati oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayoni, tibbiyotda ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha savol-javoblar bo‘ldi.