
Bugun, 4-iyul kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Spinal jarrohlikning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berdi va anjuman mavzusining qanchalik dolzarbligi va ahamiyati haqida so’z yuritdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudayarov anjuman qatnashchilariga samimiy tabrigini aytib o‘tdi. Mavzuning dolzarbligi, unga oid muammo va yechimlar, bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan zamonaviy usullarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur anjumanda respublikamiz bo‘ylab soha mutaxassislari, ordinator, magistrantlar va talabalar ishtirok etdi.
Anjumanning Plenar kengashi doirasida respublikamiz mutaxassislari ma’ruza olib bordi. Unda “O‘zbekistonda spinal jarrohlik rivojlanish tarixi”, “O‘zbekiston neyrojarrohligida yangi davolash usullarini joriy etilishi”, “Umurtqa endoskopik spinal jarrohligining zamonaviy holati va rivojlanish istiqbollari”, “Lazer yordamida ekstramodullyar o‘smalar jarrohligi” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar o‘rin olgan.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman 3 ta: “Spinal jarohat va degenerativ kasalliklarni davolashning dolzarb muammolari”, “Spinal jarrohlikda kichik invaziv texnologiyalar”, “Bolalarda umurtqa pog‘onasi va orqa miya patologiyalarini tashxislash hamda davolash masalalari” mavzularidagi yo’nalishlarga bo‘lingan holda davom etdi. Unda mutaxassislar tomonidan 50 dan ziyod ma’ruzalar o‘qib eshittirildi.