“SPRINGER NATURE” ILMIY NASHRIYOTI VA ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI RAHBARIYATI O‘RTASIDA ONLAYN-MULOQOT BO‘LIB O‘TDI

image_pdfYuklab olish (pdf)

2020-yil 1-dekabr kuni “Springer Nature” ilmiy nashriyoti ekspertlari ishtirokida onlayn-muloqot o‘tkazildi. Muloqotda ilmiy jurnallar tashkil etish, ularga bo‘lgan talablar va maqolalar saviyasi to‘g‘risida fikr almashindi. Andijon davlat tibbiyot instituti rektori oliygohda ta’sis etilgan “RE-HEALTH JOURNAL” haqida qisqacha ma’lumot berdi. Ilmiy nashriyot vakillari jurnalni rivojlantirish borasida hamkorlik takliflarini kiritdilar.

Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektor  Gʻ.M. Xodjimatov nashriyot vakillari bildirgan fikrlarni ma’qullab, kelgusida olib boriladigan hamkorlik ishlari istiqbolli ekanligini aytib o‘tdi.

“RE-HEALTH JOURNAL” mas’ul kotibi A.X.Abdurahimov ilmiy jurnalni jahon standartlariga moslashtirish yuzasidan ekspertlar tomonidan berilgan tavsiyalarni o‘rgandi.

Ma’lumot uchun: Nature 1869 yilda tashkil etilgan va dunyodagi eng ko’p iqtibos qilingan ilmiy jurnal bo’lib, yiliga yarim milliondan ortiq havolalarni o‘z ichiga oladi. Bu dunyodagi birinchi raqamli ko‘p tarmoqli ilmiy jurnal bo‘lib, uning impakt-faktorligi 41 456 ni tashkil etadi.

Nashriyot  dunyo bo‘ylab 4000 ta ta’lim muassasalaridagi millionlab olimlar va talabalarni qamrab oladi, har oy 3,5 million foydalanuvchilar Nature vebsaytida 8 million sahifani ko‘rib chiqadilar.

“Springer Nature” ilmiy nashriyoti ekspertlari ishtirokida tashkil etilgan onlayn-muloqot jurnalimiz rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.

ADTI axborot xizmati

88