2018- yil 9- noyabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida «Oliy tibbiy ta’lim muassasalarida talabalar harbiy tayyorgarligining dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Institut Harbiy kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjuman mehmonlarini va faxriylarni institut rahbariyati, Harbiy kafedra o‘qituvchilari va talabalari yuksak ehtirom bilan samimiy kutib oldilar.
Dastlab institut foyesida konferensiyaning tantanali qismi bo‘lib o‘tdi. Musiqa sadolari ostida Harbiy kafedra talabalari jangovar jismoniy tayyorgarlik mashqlari va qo‘l jangi bo‘yicha murakkab tryuklarni bajardilar.
So‘ngra davolash fakulteti talabasi I.Hoshimov, farmatsevtika yo‘nalishi 1-kurs talabasi Z.Mutalipovalar ijrosidagi ona Vatanni madh etuvchi dilbar qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, institut yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faollari tomonidan tayyorlangan chiqishlar anjuman qatnashchilarining e’tiborini tortdi. Ular ijrosidagi Vatanga muhabbat, onalar duosining naqadar buyukligi, Vatanga xiyonatning hech qachon kechirilmasligi, yigitlik burchi, sadoqati, oila sha’nini ulug‘lovchi fazilatlar aks etgan sahna ko‘rinishi qalblarni to‘lqinlantirib yubordi. Har bir kishida shu jonajon O‘zbekistonga cheksiz mehr- muhabbat, tinch, osuda va farovon turmushimizga shukr qilib yashash hissini uyg‘otdi. Shundan so‘ng, ilmiy kengashlar zalida tadbirning asosiy qismi boshlandi. Anjumanni institut rektori M.Madazimov ochib berdi va anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Anjuman ishini Harbiy kafedra boshlig’i, tibbiy xizmat podpolkovnigi Akmaljon Nasriddinov boshqarib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Qayumov so‘zga chiqib, anjuman ishiga va Harbiy kafedra talabalariga omad tiladi.
Shuningdek, institut rektori M.Madazimovga harbiy tibbiyot mutaxassislarini o‘qitishdagi va harbiy tibbiy kadrlarni tayyorlash jarayonidagi faol ishtiroki hamda harbiy kafedraning moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik A.Ikramov tasdiqlagan Faxriy yorliq tantanali ravishda topshirildi.
Anjumanda ADTI Harbiy kafedrasi tashkilotchilaridan biri, faxriy Sardor Shamsuddinov ham so‘z olib, konferensiya ishtirokchilarini qizg‘in tabrikladi.
Anjumanda Mudofaa Vazirligi Qurolli Kuchlari Akademiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Nusrat Xudoyarov, Mudofaa Vazirligi tibbiy-ta’minot boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, tibbiy xizmat polkovnigi Abdug‘ani Yuldashev, Mudofaa Vazirligi harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Qayumov, Mudofaa Vazirligi Qurolli Kuchlari Akademiyasi uslubiy ishlari bo‘limi boshlig‘i O‘ktam Urunov, TTA huzuridagi Harbiy ta’lim fakulteti kafedra boshlig‘i Arziqul Nurullaev, Samarqand davlat tibbiyot instituti harbiy kafedra boshlig‘i Komil Eshquvvatov, ADTI davolash fakulteti talabalari -Mehrinoz O‘rinboeva, Jahongir To‘lanboev va boshqalar harbiy soha va harbiy vatanparvarlik har bir fuqaro uchun muhim ekanligini ta’kidlab, dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildilar.
Anjuman davomida mehmonlar institut ko‘rgazmalar zalinin tomosha qildilar.
Shuningdek, institut simulyatsion o‘quv markazi va harbiy kafedrasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar va katta taassurot oldilar.
K.Eshquvvatov: – Konferensiyadan juda katta taassurot oldim. Ayniqsa, institutda ochilgan simulyatsion markaz menga juda ma’qul bo‘ldi. Bunday markazlar oliy tibbiy ta’lim muassasalari uchun juda zarur deb o‘ylayman. Chunki talabalarimiz va harbiy kursantlarimiz o‘z amaliy ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Ular olgan ko‘nikmalari asosida kelgusida malakali shifokor bo‘lib tayyorlanadilar.
J.Eshpulatov:- Men Farg‘ona shahridan keldim. Samarqand davlat tibbiyot instituti hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi harbiy tibbiyot fakultetida o‘qiganman. Bunday konferensiyada birinchi marta ishtirok etishim. Andijon davlat tibbiyot institutiga ham ilk bor tashrif buyurdim. Anjuman juda qiziqarli va mazmunli o‘tdi.
Anjuman yakunida ishtirok etgan faol qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi.