Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularni sportga keng jalb qilish hamda mamlakatimiz Prezidentining 4 sentyabr kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti talabalar turar joyidagi sport zalida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchi va xodimlari o‘rtasida minifutbol bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Dastlab, qur’a natijalariga ko‘ra maydonga Andijon davlat universitetining “Universitet” va Toshkent Argar universiteti Andijon filialining “Agrar” jamoalari maydonga tushdilar. Dastlabki gol “Universitet” jamoasi hisobiga yozildi. Juda keskin o‘tgan bu bahsda “universitetchilar” 7:5 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Ikkinchi o‘yinda maydonga tushgan Andijon tibbiyot institutining “Tibbiyotchilar” va Andijon Mashinasozlik institutining “Mashinasoz” minifutbol jamoalari o‘rtasidagi bahsda esa “Tibbiyotchilar” g‘alaba qozonishdi. Musobaqaning uchinchi o‘rnini “Agrar” jamoasi qo‘lga kiritdi. Final bahsida “Tibbiyotchilar” “Universitet” jamoasining keskin “qarshiligiga” uchrashdi. Lekin qiziqarli va do‘stona ruhda o‘tgan bahsda “Tibbiyotchilar”ning qo‘li baland keldi va g‘alaba qozonishdi.
Barcha ishtirokchilarga manzur bo‘lgan, ularni mamnun etgan minifutbol musobaqasi yakunida jamoalar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, “Universitet” jamoasi vakili Hayotillo Mirzakarimov “Eng yaxshi darvozabon”, “Agrar” jamoasi vakili Azizbek G‘ulomov “Eng yaxshi himoyachi”, “Tibbiyotchilar”dan Odiljon Karimov “Eng yaxshi hujumchi” naminatsiyalari bo‘yicha rag‘batlantirildi. Oliy ta’lim muassasasalarining jamoalari mana shunday musobaqalarni an’anaviy tarzda o‘tkazib borishga kelishib oldilar.