alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

TIBBIYOTDA MILLATCHILIK, DINIY AYRILISH YO‘Q

12:38 14.05.2020

Tarixda Gippokrat nomi bilan yashab o‘tgan buyuk tabibning qasamyodi necha asrlar o‘tsa hamki, tibbiyot ilmining butun mazmun-mohiyati markazida turibdi. Mazkur ta’limot dunyo miqyosida turli millat va e’tiqodga ega bo‘lgan shifokorlar ma’naviy olamidan joy oladigan g‘oyaga aylangan. Har bir shifokor o‘z faoliyatini boshlash oldidan, albatta, qasamyod qiladi. Bemor qanday inson, qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar davolashga, tibbiy yordam berishga ahd qiladi, shu vazifani, mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Tibbiyotda millatchilik, diniy ayrilish yo‘q. Buyuk olim Abu Ali Ibn Sino vatani bo‘lmish O‘zbekistonda tibbiyot jadal rivojlanayotgani xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda. Buning asosi soha xodimlari mamlakatimizdagi yuzdan ziyod millat vakillariga bir hil munosabatda bo‘lishlari, sohani rivojlantirish yo‘lida xalqaro aloqalarni mustahkamlayotganligi.

Jumladan, 5 ming nafardan ziyod “adolatchilar”ni birlashtirgan turli millat vakillaridan iborat Andijon davlat tibbiyot instituti jamaosi tibbiyotni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish maqsadida 40 dan ziyod xorijiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Shu o‘rinda bir misol. Rossiya federatsiyasining Dog‘iston davlat tibbiyot universitetida favqulotda holatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada institutimiz jamoasi 25 ta jamoa o‘rtasida faxrli 3-o‘rinni egallashdi. Bu bizni faxrlantirish bilan birga yoshlarimiz xalqaro miqyosda, turli millat vakillari bilan bir safda, do‘stona, bir maqsad – insonlar salomatligini saqlash borasida birlashgan holda ish olib borishi ularga bo‘lgan ishonchni yanada oshiradi.
Do‘stlik va ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bizningezgu maqsadimiz. Ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston yoshlari dunyoqarashida tolerantlik hissi shaklangan, yoshlarimiz umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiladi.

Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yakdil, ahil bo‘lib yashayotgani, har bir insonning hayotiy manfaatlari hamda ezgu maqsadlari ro‘yobi uchun teng va keng imkoniyatlar yaratib berilgani alohida e’tirofga hamda ibratga loyiq. 140 ga yaqin milliy madaniy markazlarning samarali faoliyat olib borishi uchun har tomonlama ko‘maklashilayotgani turli millat vakillarining o‘z ona tili, madaniyati, san’ati, hunarmandchiligi va milliy qadriyatlarini rivojlantirishida muhim o‘rin tutadi. Yoshlarning ongida umuminsoniy qadriyatlar milliy qadriyatlarimiz zamirida ulug‘lanib kelmoqda.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida andijonlik tibbiyot xodimlari yagona kuch sifatida birlashib ko‘rinmas yov – kasallikka qarshi kurash olib borishda ham bir maqsad yo‘lida birlashgai o‘z ifodasini topmoqda. Kasallikka qarshi kurashda dunyo xalqlarining salomatlikni saqlash, mustahkamlashga qaratilgan an’analari e’tirof etilyapti. Jumladan, bizning milliy qadriyatlarimiz– qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashish, uyga mehmon kelganda qo‘lga suv quyish, jamoat joylarida masofani ushlash, meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilish kabi urf-odatlarimiz kasallikni bartaraf etishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Qachonki dunyoda millatlararo totuvlik, milliy, diniy va siyosiy bag‘rikenglik barqaror bo‘lar ekan shundagina bemorlar dardiga tez malham topadi, insonlar salomat bo‘ladi, kasallik ortga chekinadi. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g‘oyalariga asoslanadi va yaxshilik, tinchlik, do‘stlik xususiyatlarga tayanadi. Odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Azal-azaldan ona yurtimizda islom, xristian, buddaviylik kabi din vakillari yonma-yon yashab kelgan. Asrlar mobaynida yirik shaharlarda masjidlar bilan birga cherkovlar mavjud bo‘lgan, turli dinga mansub xalqlar o‘z diniy amallarni erkin ado etib kelgan. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham diniy asosda mojarolar bo‘lmagani xalqimizning dinlararo bag‘rikenglik masalasida ulkan tajriba ega ekanligidan dalolat beradi.
Dunyo ahli kuni kecha Ikkinchi Jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini nishonladi. Dunyoga yakka hukmdorlik g‘oyasini ilgari surgan fashizm balosi dunyo xalqlarining birdamligi, turli millat vakillarining hamjihatligi, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashlari bilan bartaraf etildi. Bu urushda o‘zbek xalqi ko‘rsatgan bag‘rikenglik, mehribonlik, bolajonlik dunyo hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etilishi xalqimizga bo‘lgan hurmatni yaqqol ifoda etmoqda.

Bugun maktab sinfxonlaridagi o‘quvchilar, oliygohlardagi talabalar ertangi kun o‘qituvchisi, shifokori, quruvchisidir. Shunday ekan bugungi kun ziyoliylarining vazifasi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik, milliy, diniy va siyosiy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida yosh avlodni ota-bobolarimiz an’analariga sodiq holda tarbiyalashdan iborat. Umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan yoshlar buyuk kelajagimiz asoschilaridir.

 Madaminjon Madazimov,

O‘zbekiston “Adolat” SDP Andijon viloyati Kengashi raisi,

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori,

professor .

(Fotolavhalar koronаvirus pandemiyasi sababli e’lon qiligan karandindan avval olingan)

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!