alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“Tibbiyotning dolzarb muammolari” mavzusidagi yosh olimlar anjumani ko‘tarinki ruhda o‘tdi

18:06 25.04.2019

2019- yil 25-aprel kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida an’anaviy  xalqaro ilmiy amaliy videokonferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda respublikamizdagi 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli, izlanuvchan talabalari hamda yosh olimlari ishtirok etdilar. Anjuman dasturidan 40 dan ziyod taqdimot ma’ruzalari o‘rin oldi. To‘plamga esa 800 dan ortiq tezis kiritildi.

Anjuman ishini ADTI rektori, professor M.Madazimov ochib, institutda erishilgan yutuqlar, muvaffaqiyatlarda yosh olim va tadqiqotchi talabalarning izlanishlari katta ekanligini alohida ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga omad va zafarlar tiladi. Tibbiyotning eng katta vazifasi inson salomatligini mustahkamlashga qaratilganligi, shuningdek,  xayrli faoliyatga kirishgan  yoshlarga  va konferensiyaga tashrif buyurgan  barcha mehmonlarga  o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

– Bu yilgi konferensiya har yilgidan faolroq, qamrovi jihatidan kengroq va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Yoshlarimizning ilmiy izlanishlari va innovatsion yangiliklarini yuksak baholayman – dedi ADTI ilmiy ishlar  va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor G‘.Hodjimatov.

Anjuman  tibbiyotning dolzarb va o‘ta muhim muammolarini hal etishga qaratilgan bo‘lib, talaba yoshlar o‘rtasida  qizg‘in fikr-mulohazalar  yuritish,  tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik qilish, ilmiy izlanish va yangiliklarga oshno bo‘lish imkonini berganligi bilan ahamiyatlidir.

Anjuman ishini yosh olimlar kengashi faollari, iqtidorli talabalar kasb ta’lim yo‘nalishi  talabalari Ilyosmirzo Ziyaev, Durdona Zaynobiddinova va pediatriya talabasi  Qobiljon Sobirovlar olib bordilar.

Shunigdek konferensiyada Harkov milliy tibbiyot universiteti talabalari D.Skoriy va M.Gulyayevalar ham ishtirok etib, onlayn ma’ruza qildilar.

Dasturda belgilangan  dolzarb va  qiziqarli ma’ruzalardan so‘ng, qizg‘in savol-javob,  erkin fikr va mulohazalarga  keng e’tibor qaratildi. Maqsad esa,  mamlakatimiz aholisiga  sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatishda  malaka va bilimlarni oshirish bo‘ldi.

– Javohir Soliev – Toshkent tibbiyot akademiyasi   magistratura  yo‘nalishi 1-bosqich  talabasi:
– Bugungi konferensiyada qatnashayotganligimdan, ma’ruzam bilan ishtirokimdan g‘oyat xursandman. Men TTA da urologiya yo‘nalishida tahsil olmoqdaman. Ustozim t.f.d. ,professor U.A.Xudoybergenov rahbarligida  “Buyrak-tosh kasalliklarini  masofadan turib zamonaviy davolash” mavzusida ilmiy ish boshladik. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy markazida  bepushtlik va  jinsiy muammolar  bo‘yicha  ilmiy-tadqiqot va tajribalarni o‘rganib boryapman. Kelgusida xalqimizga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish  bo‘yicha o‘z hissamizni qo‘shamiz.

– Shodmonov Ahror – Toshkent davlat stomatologiya instituti magistratura yo‘nalishi  talabasi:
– Konferensiya juda qizg‘in va sermazmun o‘tdi. O‘z tengdoshlarimiz, bo‘lajak hamkasblarimiz bilan tibbiyotning dolzarb muammolari haqida fikr almashdik. Men stomatologiyada dentaplantatsiyani keng taraqqiy ettirib, aholiga sifatli xizmatni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganman. Bugungi kunda sohada nafaqat   tishlarning funksional holatini, balki kosmetik jihatdan sifatini yaxshilash ham  muhim talab.  Bu borada o‘z izlanishlarimni  yuzaga chiqarmoqchiman.

– Muqimov Odiljon – Toshkent davlat stomatologiya  instituti assistenti:   
– Konferensiyadagi ko‘tarinki ruh, samimiy  va do‘stona munosabatdan g‘oyat mamnun bo‘ldik. Bu dargohdagi sog‘lom raqobat, yoshlarning xorijiy tillarda  erkin  va ravon ma’ruza qilishlari, o‘zaro savol-javoblari bizni yanada xayratlantirdi. O‘ylaymanki, bunday konferensiyalar yosh izlanuvchanlarni  chuqur izlanishga, chet tillarni o‘rganishga chorlab, yangi  iste’dodlarni yuzaga chiqaradi.

Konferensiya yakunida xay’at a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, g‘olib va faollarni  e’lon qildi.  Eshitilgan ma’ruzalar orasidan  ADTI davolash fakulteti 5 – bosqich talabasi Sh, Abdullaev faxrli  1- o‘rinni, Toshkent  tibbiyot akademiyasi magistratura yo‘nalishi talabasi J.Soliev  2 -, Toshkent davlat stomatologiya instituti talabasi D.Isanova esa, 3- o‘rinlarga sazovor bo‘ldilar.

“Eng yosh olim”  nominatsiyasi  bo‘yicha ADTI talabasi J.Qobilov, “Eng iqtidorli yosh olim” nominatsiyasi  bo‘yicha TDSI magistratura yo‘nalishi talabasi  A.Shodmonov, “Eng yaxshi mustaqil ish” nominatsiyasi bo‘yicha Samarqand davlat tibbiyot instituti talabasi L.Shamsiyevalar g‘olib bo‘ldilar. Barcha g‘olib va ishtirokchilarga diplomlar, qimmatbaho sovg‘alar va sertifikatlar topshirildi.

Konferensiya ishtirokchilaridan olingan   intervyu va muloqotlarda iliq taassurotlar va fikrlar bildirilib,   anjuman  yuqori ilmiy ruhda o‘tganligi  alohida e’tirof etildi.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!