alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

TIL –  MILLAT  RAVNAQI

11:03 17.10.2020

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi o‘zining 1989-yil  oktabr oyidagi sessiyasi kun tartibiga “Davlat tili” to‘g‘risidagi masalani qo‘ydi va “O‘zbekiston hududida davlat tili o‘zbek tilidir” degan tarixiy Qonunni qabul qildi. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi huquqiy asoslarini ham belgilab berdi.
2020-yilga kelib, millat tili davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Muhtaram yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoev davlat tili qabul qilingan kunni “O‘zbek tili bayrami” sifatida keng miqyosda nishinlanishii  haqida farmon berdi.

Qonunni qadrlamoqning sharti shuki, har birimiz ona tilimizning boy ifoda imkoniyatlarini puxta o‘rganishimiz, adabiy tilimizning yozma va og‘zaki me’yorlarini yaxshi bilishimiz, bu tilda yuqori savodxonlik bilan ish ko‘rishga intilishimiz zarur. “Tilga e’tibor – elga e’tibor” deb bejiz aytilmagan hikmatlarda. Bu hikmat Qonunning ham ayni talabidir.
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi va uning qonun yo‘li bilan himoya qilinayotganligi ayni muddao bo‘ldi. Shu o‘tgan davr mobaynida til o‘rganish sohasida talaygina ibratli ishlar qilindi. Ko‘z ko‘rib, dil quvonadigan yutuqlar qo‘lga kiritildi.
Tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridagi o‘zbek tili darslarida og‘zaki nutq o‘stirish, shuningdek, matn va tasvirlar tuzish, lug‘at ustida ishlash kabi vositalar yetakchi o‘rinda turadi. Til o‘qitish jarayoni yoshlarni axloq-odob ruhida tarbiyalash bilan uzviy bog‘liqdir. Bu masalada “Navoiynoma”ga murojaat qilish mumkin. Chunki Alisher Navoiy – o‘zbek adabiyoti va tilining payg‘ambari. Mo‘tabar bobomiz – nafosat va odob qasrining binokori va bosh faylasufi. Uning badiiy, tarixiy, tilshunoslik va dinshunoslik (tasavvuf)ga oid barcha asarlarda Jayxun kabi to‘lg‘anib oqadigan eng sersuv daryo – odob daryosi. “Mahbubul-qulub”- “Qalblar suyuklisi” asari esa hadis janri va g‘oyalari yo‘lida bitilgan axloq haqidagi falsafiy qomusdir. A.Navoiy ijodiyotini bosh g‘oyaga jalb qilsak, uni odobnoma deb atash mumkin. Demak, “Navoiynoma” -til muammolarinigina hal qilmay, insonlar orasidan ko‘tarilgan mehr-oqibat, rahm-shafqat, vafo va sadoqat, or –nomus va hayo kabi insoniy fazilatlar haqida ham bahs yurita oladi.
Talabalarni komil inson qilib tarbiyalashda, ularda shu fazilatlarni shakllantirishda ustoz-pedagoglarning roli katta. Shunday ekan, har bir darsda Navoiy asarlaridan, hikmatli so‘zlaridan, tabobatga oid fikrlaridan foydalanishga keng yo‘l berilishi ayni muddaodir. Toki foniylik va abadiylik uchrashgan nuqtalar, o‘lim va hayot to‘qnashgan chorrahalar, yo‘qlik va borlik kesishgan daqiqalarda umr qadri, inson qadriyati qanchalik bebaho ekanligini to‘la anglasinlar. Navoiynig “Umr o‘tar yeldek, o‘zingni shod tut, Yelga yetmak mumkin ermasdur chu surat kurguzib ” deganini, “Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz” – deya insonlarga quchoq ochganini unutmasinlar. Bo‘lg‘usi shifokor qizlarimizni iffat, hayo, odob, nafislik, muhabbat; mard yigitlarimizni esa vafodorlik, jasurlik tark etmasin, ular uchun “Essiz, taqdir ekan, qaydin bilibmiz, Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz”, – deya nadomat qilish begona bo‘lsin.

O‘ylaymizki, o‘z faoliyatini davr talablari  asosida tashkil qilishga odatlangan institut jamoasi “Davlat tili ” haqidagi qonun ijrosini ta’minlashda bundan buyon ham ijodiylik va  mas’uliyat bilan mehnat qiladi.
Har bir ziyoli inson tilimiz ravnaqi, ona tilimiz egalarining nutq madaniyati rivoji uchun jonbozlik ko‘rsatsin.

Mahfuza Qo‘ziboyeva

Andijon davlat tibbiyot instituti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.v.b.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!